Polsha shimolida joylashgan fermadagi qorako‘zanlarda aniqlangan koronavirus shtammi odamlarga yuqishi va aksincha, insonlardan qorako‘zanlarga yuqishi mumkin. Bu haqda Polsha Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
“Kratusk hududida joylashgan fermadagi qorako‘zanlarda aniqlangan koronavirus shtammi odamlarga yuqishi va aksincha, ulardan qorako‘zanlarga o‘tishi mumkin”, — deyiladi vazirlikning virusologlar bilan birga o‘tkazilgan tadqiqot yuzasidan bayonotida.
Polsha shimolidagi Pomorsk viloyatida ferma qorako‘zanlarining koronavirusga chalingani haqida yanvar oxirida ma’lum qilingan. O‘shanda 5,8 mingdan ziyod qorako‘zanlarni yo‘q qilish haqida qaror chiqarilgan. Mamlakat miqyosida jami 350 ta shunday ferma faoliyat olib boradi.
2020-yil 4-noyabrda Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen koronavirus hayvonlar orasida mutatsiyaga uchragani va odamlarga yuqishi mumkinligi tufayli mamlakatdagi qorako‘zanlarning yo‘q qilinishini bildirgan. 10-noyabrga kelib mamlakat hukumati ushbu qarorning noto‘g‘ri bo‘lganini tan olgan. Dekabrda Litvaning Yonav tumanidagi qorako‘zanlar yetishtiruvchi Danmink fermasida koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun, taxminan, 40 mingta qorako‘zan yo‘q qilinishi haqida xabar berilgan.
Izoh (0)