Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) koronavirusga chalinish bo‘yicha ilk holatlar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi. Bu haqda Xitoyda bo‘lib qaytgan JSST mutaxassislari bergan xabarga asoslanib, Meduza yozmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, Xitoy hukumati 2019-yil dekabr oyida Uxan shahrida qayd etilgan koronavirus bo‘yicha dastlabki 174 ta holat to‘g‘risida ma’lumot olish uchun yuborilgan so‘rovlarni rad etgan.
Buning o‘rniga, mutaxassislarga ko‘rib chiqish uchun ushbu holatlar yuzasidan faqat xitoylik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari berilgan. Bu JSST mutaxassislariga virusning qachon va qanday tarqalishiga oid dastlabki bosqichlar haqida o‘z tahlillarini o‘tkazishga imkon bermagan.
“Ular bizga bir qancha namunalarni ko‘rsatdi, ammo bu to‘liq tahlil o‘tkazish uchun yetarli emas, vaholanki, bunday tahlil epidemiologik tekshiruvlar uchun odatiy ish”, — dedi JSST ekspertlaridan biri Dominik Duayer.
Avvalroq Uxanga tashrif buyurgan JSST ekspertlaridan biri Vladimir Dedkov koronavirusning Uxandagi laboratoriyadan sizib chiqqanini tasavvur qilish qiyinligini aytgandi. Dedkov, shuningdek, Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari bozorida koronavirus infeksiyasining paydo bo‘lishi uchun barcha sharoitlar mavjudligini ta’kidlagan, chunki u sanitariya qoidalari nuqtayi nazaridan talablarga umuman javob bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasining paydo bo‘lish sabablarini o‘rganayotgan JSST ekspertlari 14-yanvar kuni Uxan shahriga yetib kelgandi. Mutaxassislar Uxan shahrida COVID-19 kelib chiqishiga oid muhim dalillar topilganini ma’lum qilgan.
Mavzuga doir:
- Koronavirus laboratoriyada yaratilmagan. U odamga qandaydir hayvondan yuqqan bo‘lishi mumkin. Uxanga borib kelgan JSST ekspertlari o‘z xulosalarini ma’lum qildi
- Olimlar iqlim o‘zgarishi va COVID-19 kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi
- JSST ekspertlari: COVID-19 2019-yil dekabridan avvalroq paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin
Izoh (0)