Federal shtatlar bosh vazirlari va Germaniya kansleri Angela Merkel mamlakatdagi karantin cheklovlarini 7-martga qadar uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Videokonferensiya ko‘rinishida o‘tkazilgan yig‘ilishda rasmiylar pandemiya sharoitida cheklovlarni yumshatishga erta, degan xulosaga keldi. Shunga qaramay, bir qancha yumshatishlar ham joriy etiladi.
Ta’kidlanishicha, cheklovlar muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror kansler tomonidan “bir qator federal shtatlarning qarshiliklariga qaramay” qabul qilingan. Avvalroq Merkel karantin choralarini 14-martgacha uzaytirishni talab qilgan edi. Ruxsat berilgan yumshatishlar ichida sartaroshxonalar faoliyati ham bor, ular 1-martdan ish faoliyatini boshlashi mumkin.
Germaniyada qat’iy karantin choralari 2020-yil dekabr oyida joriy qilingan edi. Oziq-ovqat va kichik xo‘jalik do‘konlari, dorixona, optika, banklar, gazeta do‘konlari, pochta bo‘limlari, veterinariya do‘konlari va tibbiyot muassasalaridan tashqari, barcha tashkilotlarning faoliyati to‘xtatildi.
Maktab o‘quvchilari darslarga bormaydi, ta’limni masofaviy shaklda davom ettiradi. Bolalar bog‘chalari faoliyati to‘g‘risida qaror qabul qilish hududlarga topshirilgan. Uchrashuvlar faqat bitta xonadon vakillari bo‘lgan odamlar va yana qo‘shimcha bitta odam o‘rtasida bo‘lishi mumkin. Jamoat transporti va do‘konlarda qo‘lbola tayyorlangan niqoblardan foydalanish taqiqlanadi.
Avvalroq Germaniyada lokdaun 1-martgacha uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)