Olmaliqning OKMK futbol klubi o‘z safini bir qator futbolchilari bilan to‘ldirib oldi.
Jamoa matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, olmaliqliklar safiga himoyachilar Shohruh Gadoyev va Akrom Komilov kelib qo‘shildi.
Ozarbayjonning “Keshla” klubidan erkin agent maqomida OKMKga kelgan Gadoyev jamoa bilan 2021-yil yakuniga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
“Paxtakor” vakili Akrom Komilov esa ijara asosida yil oxirigacha “konchilar” libosini himoya qiladi.
29 yoshli Gadoyev professional faoliyati davomida “Nasaf”, “Al-Muharrak” (Bahrayn), “Bunyodkor”, “Buxoro” va “Tejon” (Janubiy Koreya) kabi klublarda ham to‘p surgan.
24 yoshli Komilov esa shu vaqtga qadar “Bunyodkor” va “Paxtakor”da harakat qilgan.
Avvalroq Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi jamoa Sarjar Shoahmedov, Botirali Ergashev, Abbos Otaxonov, Dilshod Ahmadaliyev, Aleksandr Kasyan kabi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Shuningdek, OKMK bir qator futbolchilari bilan shartnomani uzaytirgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)