“Formula-1”ning yetti karra chempioni Lyuis Xemilton Porsche Taycan’da harakatlanib o‘z muxlislarini hayron qoldirdi. Internetda Mercedes-AMG F1 jamoasi bilan oltita sovrinni qo‘lga kiritgan britaniyalik raqobatchi firmaning elektromobilini boshqarayotgani tasvirlangan suratlar tarqalgan. Xemiltonning Mercedes bilan amaldagi shartnomasining yo‘qligi vaziyatni yanada chigallashtiradi, deb yozadi Motor.

Foto: BACKGRID

Oq Porsche Taycan Turbo S’ni boshqarib ketayotgan Xemiltonning surati Daimler rahbarlariga yoqmasa kerak, biroq Lyuis rasman hech qanday tartibni buzmagan bo‘lishi mumkin: poygachining Mercedes-AMG bilan oxirgi shartnomasi 2020-yilning dekabrida tugagan, mavsumoldi testlariga bir oydan sal oshiqroq vaqt qolganiga qaramay, yangi shartnoma imzolangani hamon e’lon qilinmadi.

Odatda “Formula-1” yulduzlari o‘z ish beruvchilari va homiylariga sodiq bo‘ladi: kundalik hayotida poygachilar raqobatchi jamoaning avtomobillarida harakatlanmaydi, agar u klassik avtomobil yoki taksi bo‘lmasa. Mercedes-Benz EQS elektromobili premyerasidan oldin 761 ot kuchiga ega Taycan Turbo S’da namoyishkorona harakatlanish — Xemilton tomonidan amalga oshirilgan noodatiy qadam va Porsche’ning ulkan muvaffaqiyatidir.

Foto: BACKGRID

Mercedes-AMG F1 rahbari Toto Volff bir necha bor Xemilton bilan yangi shartnoma imzolanishiga shama qilgan. So‘nggi muddat: 2-mart kuni chempion jamoa yangi W12 E Performance bolining taqdimotini o‘tkazadi va aynan shu kuni poygachilar bilan intervyu rejalashtirilgan.

Avvalroq Porsche kompaniyasi Britaniyaning Brands Hatch Circuit trassasida Taycan 4S va Turbo S seriyali modellarini bardoshlilik sinovidan o‘tkazgani, bir necha soat davom etgan ming kilometrli harakatlanish davomida elektromobillar Buyuk Britaniyada 13 ta rekordni o‘rnatgani to‘g‘risida xabar berilgandi.