Navoiy viloyati Zarafshon shahri hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida yuk mashinasi qarama-qarshi tomonda to‘xtab turgan Matiz bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etdi. Bu haqda “Zamon.uz” informatsion dasturida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, Zarafshon shahri hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega A-379 Navoiy–Uchquduq yo‘lida 25 yoshli yigit boshqaruvidagi “GAZ” rusumli yuk mashinasi o‘zidan oldingi mashinani quvib o‘tmoqchi bo‘lib qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
Natijada yuk mashinasi ro‘parada piyodaga yo‘l berish maqsadida to‘xtagan Matiz avtomobiliga katta tezlikda borib urilgan.
Oqibatda yengil avtomobil haydovchisi og‘ir tan jarohati olib, Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay vafot etgan.
Yuk avtomobili haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport boshqarish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Toshkentda MAN va Isuzu yo‘lovchi avtobuslari to‘qnashgani, Andijonda yo‘lni kesib o‘tayotgan 83 yoshli yo‘lovchi yuk avtomobili ostida qolib vafot etgani hamda Toshkentda “KamAZ”ga yo‘l bermagan Equinox Nexia’ga, yuk mashinasi esa yo‘l chetidagi binoga borib urilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)