4-fevral kuni Aleksandr Lukashenko mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan O‘zbekiston elchisi Nosirjon Yusupov bilan uchrashdi. Bu haqda Belarus rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, uchrashuv davomida Lukashenko elchiga mamlakatlar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Unga sog‘liq va O‘zbekiston manfaati yo‘lidagi ishlarida muvaffaqiyat tiladi.
“Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida amalga oshirilgan barcha ishlar, aloqalarni rivojlantirishda sezilarli yutuqlar, avvalambor, do‘stim Shavkat Miromonovich bilan bog‘liq. Aminmanki, u O‘zbekiston qadrlaydigan kishi. Uning mustaqil O‘zbekiston rivojlanishining ma’lum bir davridan keyin qilishni boshlagan ishlari ertaga ijobiy natija beradi”, — degan u.
Aleksandr Lukashenko Nosirjon Yusupov Belarusdagi missiyasini tugatgandan so‘ng boshqa lavozimlarda katta foyda keltirishiga, shuningdek, Belarus bilan aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirgan.
Nosirjon Yusupov uning faoliyatiga berilgan yuqori baho uchun Belarus prezidentiga minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Nosirjon Yusupov 2018-yilning oktabr oyida O‘zbekistonning Belarusdagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangandi.
Mavzuga doir: Vatikanning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi
Izoh (0)