Hayotimiz “sug‘ur kuni”ga aylandi. O‘tgan yili mart oyida bir kishida koronavirus aniqlanganida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar boshlangandi. O‘tgan kuni pedinstitutning bir talabasida koronavirus aniqlanibdi. Bu 2021-yilgi virus.

22-yanvar kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti (TDPU) rus tili va adabiyoti fakulteti talabasida COVID-19 kasalligi aniqlandi. Bu talaba bilan muloqot qilganlar va fakultet binosida bo‘lgan barchaga 14 kun davomida o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish tavsiya qilindi. An’anaviy tarzda o‘qishni boshlagan talabalari ikki hafta davomida masofadan turib o‘qishi belgilandi. Rus tili va adabiyoti, xorijiy tillar fakulteti binosining barcha chiqish eshiklari va hududlari butunlay izolyatsiya qilingan. Hafta davomida tibbiy-sanitariya tozalash ishlari olib boriladi. Ushbu fakultetlarning hududi to‘liq yopilgan va nazorat ostiga olingan. Bu koronavirusning yangi shtammi yoki yo‘qligi xabar qilinmadi. Eslatib o‘tamiz, bu 2021-yildagi birinchi aytilgan holat.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ayrim norasmiy xabarlarga ko‘ra, koronavirusning yangi shtammining simptomlari o‘tgan yilgisidan ko‘p farq qilmaydi. Ammo yangisida ich ketish holati hamroh bo‘ladi (o‘tgan yili karantin boshida hojatxona qog‘ozini g‘amlab qo‘yganlar yutuqda).

Xo‘sh, vaksina olamida nima gap? O‘zbekiston aholisi fevral oxiri, martning boshidan koronavirusga qarshi emlana boshlanadi. JSST qo‘llashga ruxsat bergan Pfizer hamda BioNTech korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinani O‘zbekistonda ham emlash jarayoniga jalb qilish uchun 100 ming dozaga rasman buyurtma berilgan. Birinchi navbatda shifokorlar va keksalar emlanadi.

* * *

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’tilga chiqib qaytganidan keyin viloyat hokimlari ham prezident devoni tasdiqlagan reja asosida sekin-asta damga chiqa boshladi. Ularga tuman hokimlari qo‘shildi. Aytish lozimki, bunaqa ommaviy dam olish ilgari kuzatilmagan. Yanada qizig‘i, hokimlar ishni tanlangan yosh o‘rinbosarlarga qoldirib ketmoqda. Masalan, o‘tgan hafta boshida Qashqadaryo hokim o‘rinbosari va 15 nafar tuman hokimi davolanish uchun Toshkentga jo‘nab ketdi. Ularning vazifasini yoshlar boshqarib turadigan bo‘ldi. Yakkabog‘ tumanini 10 kun boshqarib turish huquqini qo‘lga kiritgan talaba Sitora Ergasheva murojaatchini “joyiga o‘tqazib qo‘yib”, ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylanishga ham ulgurdi.

Andijon viloyatida ham 16 nafar yosh yigit-qiz 10 kun muddatga shahar va tuman hokimlari, hokim o‘rinbosarlari lavozimini egalladi. Shuningdek, 48 nafar yosh esa uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha sektor rahbarlariga uzoq muddatga biriktirildi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va Toshkent shahri hokimi bilan birgalikda beshta viloyat rahbari 17-yanvar kuni mehnat ta’tiliga chiqdi. Qoraqalpog‘iston rahbari va yana 6ta viloyat hokimi 28 yanvarda ta’tilga chiqadi.

* * *

20-yanvar kuni Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining energiya blokida chang-ko‘mirli havo aralashmasining portlashi sodir bo‘ldi. Xizmat ko‘rsatish paytida sodir bo‘lgan hodisa oqibatida uch kishi jarohat sababli vafot etdi, yana uch kishi turli darajada kuyish tan jarohati oldi. Portlash bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Aytilishicha, korxonadagi ishlab chiqarish vositalari o‘z xizmat vazifasini o‘tab bo‘lgan. Vafot etganlarning oila a’zolariga dafn marosimini o‘tkazish uchun avval 4 million 866 ming so‘mdan birinchi moddiy yordam ko‘rsatilgan. Keyinroq qo‘shimcha ravishda 105 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Surishtiruvlar qozon tozalovchilar texnika xavfsizligiga rioya qilmaganini ko‘rsatmoqda. Portlagan sex boshlig‘i esa o‘zini osib qo‘ydi.

* * *

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu hafta Buxoroi sharifda bo‘ldi. Buxoroning ikki hokimi koronavirus sababli orqama-orqa vafot etgani ortidan Botir Zaripov noyabrdan beri hokim vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgandi. Prezident tashrifi davomida yig‘ilish o‘tkazib, uning lavozimidan “vazifasini bajaruvchi” qo‘shimchasini olib tashladi.

Buxoroliklar o‘tgan yili, nafaqat, koronavirusdan, balki kuchli bo‘rondan ham aziyat chekdi. Prezident vertolyotda aylanib tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilishda amalga oshirilgan ishlar qamrovini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi, yangi qurilishlarni, IT-parkni, tekstil korxonasini ko‘rdi.

* * *

Ob-havo injiqliklariga qanchalik yaxshi tayyorlanmaylik, sovuq bir zabtiga olganida barchasi shamolga sovurilib ketadi. Bu hafta kelgan kuchli shamol vodiyning omonat inshootlarini vayron qildi, daraxtlarga qo‘shib bannerlar va simyog‘ochlargacha ag‘darib tashladi.

Foto: Telegram

Andijondagi shamol sabab bir nechta bino talafot ko‘rdi, qurilishi bitmagan uy tomi Damas’ni bosib qoldi, ko‘pqavatli uylardagi elektr simlari uzildi. Namanganning Mingbuloq tumanida esa tuman markazidagi ma’muriy binoning tomi uchib ketdi. Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani hududidagi yangi simyog‘ochlar shamolda guppa-guppa ag‘darildi.

Foto: Telegram

Vohada esa kuchli qor infrastrukturaga ziyon yetkazdi. Samarqand va Qashqadaryoni bog‘lovchi Taxtaqoracha dovonida qor sababli harakatlanish to‘xtatildi. 21-yanvar kuni boshlanib ikki kun davom etgan kuchli shamol va qorbo‘roni tufayli respublikada 550 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi.

* * *

Oxirgi vaqtda qo‘liga qalam ushlagan jurnalist borki, tenderlardagi ko‘zbo‘yamachiliklar, manfaatlar to‘qnashuvi haqida yozib chiqdi. Yaqinda qurilish-pudrat tashkilotlarining reytingi ishlab chiqildi, endi bunaqa holatlar kamayishidan umid qilamiz. “Reyting.mc.uz” saytiga kirsangiz, 36 mingdan ortiq tashkilotning reytingini ko‘rib chiqasiz. Reytingda ularning salohiyati 71 ta ko‘rsatkichni qamrab olgan 6 ta guruhdan iborat mezonlar bilan o‘lchanadi. Tashkilot salohiyatini aniqlashda malakali mutaxassislari, moliyaviy ko‘rsatkichlari, bajargan ishlarining sifati, ish tajribasi, texnik bazasi, raqobatdoshligi kabi qurilishda yuqori sifatni ta’minlovchi mezonlar ahamiyatga egadir.

Aytgancha, Jizzaxcha tenderlarni “gullatgan” mansabdor ishdan olindi va unga qarshi jinoiy ish ochildi.

“Daryo”da bir yil davomida eslatgan gapimizni takrorlaymiz: karantin qoidalariga rioya qiling. Sog‘lig‘imiz o‘z qo‘limizda.