Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va Toshkent shahri hokimi bilan birgalikda beshta viloyat rahbari kecha, 17-yanvar kuni 10 kunlik mehnat ta’tiliga chiqdi.

Foto: “Daryo”

Bu haqda xabar bergan “Daryo” manbasiga ko‘ra, 2021-yil 28-yanvar kuni yana yettita viloyat rahbari boshchiligidagi 959 nafar mas’ul — hududlardagi ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi sektor rahbarlari mehnat ta’tiliga chiqadi va salomatligini tiklaydi.

Ta’kidlanishicha, kecha, 17-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, Samarqand hokimi Erkinjon Turdimov, Sirdaryo hokimi G‘ofur Mirzayev, Surxondaryo viloyati rahbari To‘ra Bobolov va Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovlar 10 kunlik muddatga mehnat ta’tiliga chiqqan.

Aytilishicha, 7 nafar rahbar bilan bir vaqtda ushbu hududlarda faoliyat yurituvchi hokim o‘rinbosarlari, maslahatchilari va sektor rahbarlaridan iborat 935 nafar mas’ul ham ta’tilga chiqqan.

“Daryo” manbasining qo‘shimcha ma’lumot berishicha, 2021-yil 28-yanvardan boshlab esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari Murod Kamolov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev, Navoiy hokimi Qobul Tursunov, Namangan hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Farg‘ona hokimi Xayrullo Bozorov va Xorazm viloyati rahbari Farhod Ermanovlar ham 10 kunlik mehnat ta’tiliga chiqadi.

2021-yil 28-yanvardan boshlab mehnat ta’tiliga chiquvchi hokimlar bilan birga ushbu hududlarda faoliyat yurituvchi 959 nafar mas’ul ham salomatligini tiklash maqsadida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va davolanadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2021-yil 4-yanvardan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqib,11-yanvarda ta’tildan qaytgandi.

2021-yil 7-yanvar kuni esa Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi tuman va shahar hokimlari, shuningdek, viloyat hokimining barcha o‘rinbosarlari birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgandi. Tibbiy ko‘rik viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot poliklinikasida amalga oshirilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi amaldagi qonunchilikka ko‘ra viloyat hokimlari hukumat qoshidagi tibbiyot bosh boshqarmasi ro‘yxatida turadi. Ularga zarur holatlarda tibbiy diagnostika qilish, davolash, umuman olganda, ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasida.