Italiyada Fiat Doblo avtomobilini olib qochgan noma’lum shaxslar ijtimoiy tarmoqlar orqali mashina egasining og‘ir kasalligidan xabar topib, uni qaytarib berdi, deb yozadi Motor. Mashina o‘g‘rilari hatto kechirim so‘ragan maktubni ham qoldirgan.
Fiat Doblo miniveni 13-yanvar kuni Italiya janubidagi Bari shahrida joylashgan kasalxona turargohidan o‘g‘irlab ketilgan. Sklerozdan aziyat chekuvchi avtomobil egasining qizi Rita Damiani politsiyaga murojaat qilish bilan cheklanmay, Facebook’da post qoldirgan.
Unda qiz o‘g‘irlangan mashina onasining harakatlanishi uchun yagona transport vositasi bo‘lganini ta’kidlagan. Imkoniyati cheklangan insonlar foydalanishi uchun maxsus jihozlangan Doblo “pandus” va nogironlar aravachasiga ega bo‘lgan.
Qizning postini salkam ming kishi ulashgan va natijada u o‘g‘rilarga qadar yetib borgan. Yo‘qolgan avtomobil bir necha kundan so‘ng topilgan: mahalliy fuqarolardan birining uyi qarshisida turgan mashinani ko‘rib qolib, karabinerlarga murojaat qilgan. Mashina ochilgach, ichidan maktub topilgan.
“Bizning ham yuragimiz bor, kechiring bizni, kasalligingizdan bexabar edik”, — deyiladi maktubda.
Damiani oilasi Doblo bilan qayta topishganidan so‘ng, barchaga minnatdorchilik bildirib, mahalliy xayriya tashkilotiga topshirish uchun nogironlarga mo‘ljallangan boshqa avtomobilni xarid qilishga xayriya e’lon qilgan.
Avvalroq AQShda mashinani minib qochgan o‘g‘ri unda yosh bola borligini bilib qolib, ortiga qaytgani va uning onasini urishib bergani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)