Xitoyning markaziy qismida, Syanszyan daryosi qirg‘oqlarida joylashgan Chansha shahrida ham quruqlikda, ham suvda yo‘lovchilarni tashishga qodir avtomobil harakatlanishni boshladi, deb xabar beradi “Hi-Tech.Mail.ru”.
E’lon qilingan suratlardan ko‘rish mumkinki, amfibiya-avtobusning suv yo‘li maxsus to‘siq bilan chegaralangan, bu harakatga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan boshqa obyektlar bilan to‘qnashishning oldini olish maqsadida amalga oshirilgan. Ta’kidlanishicha, noodatiy transport vositasi turistlarga juda ma’qul kelgan, shu sababli hozirda undan yo‘lovchilarni muntazam tashishda emas, balki ekskursiyalar maqsadida foydalanilmoqda.
Shunga qaramay, noodatiy transport vositasidan foydalanish kelajakda yo‘llarda vaziyatni sezilarli darajada yaxshilash, tirbandliklar oldini olishga xizmat qilishi mumkin. TomTom Index reytingi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoydagi 20 dan ortiq aholi yashash punktlari dunyoning tirbandlik darajasi eng yuqori bo‘lgan shaharlari sirasiga kiradi.
Avvalroq italiyalik dizaynerlar bortiga Tesla pikapi sig‘adigan 25 metrli katamaran-amfibiya loyihasini taqdim etgani, rossiyalik blogerlar Lada XRay avtomobilini suvda suzishga moslashtirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)