Shveysariyada koronavirus tarqalishiga qarshi qaratilgan cheklov choralariga rioya qilmaganlik uchun jarima joriy etishga qaror qilindi. Bu haqda mamlakatning Maten nashriga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Unga ko‘ra, jamoat joylarda niqob taqmaganlik uchun 250 Shveysariya franki (230 yevro) miqdorida jarima solinadi.
Agar karantinda bo‘lgan yoki o‘zini izolyatsiya qilgan shaxs belgilangan rejimni buzsa, jarima miqdori 1500 frank (1390 yevro)ga yetishi mumkin.
Shu kabi sanksiyalar 8-dekabr kuni Shveysariya prokurorlarining konferensiyasida mamlakat bo‘ylab koronavirus cheklovlarini buzganlik uchun jazo tizimini birlashtirish uchun kiritilgan.
Oktabr oyining o‘rtalaridan boshlab Shveysariya jamoat joylarida, shu jumladan, temiryo‘l stansiyasi, aeroport, savdo markazlarida niqob taqishni majburiy etib belgilangandi. Ish beruvchilarga o‘z xodimlarini masofadan ishlashga o‘tkazish tavsiya qilingan.
Shveysariyada pandemiya davrida 350 ming kishida COVID-19 qayd etilgan. Infeksiya oqibatidan 5,4 mingdan ortiq kishi vafot etgan, 280 ming nafari sog‘aygan.
Izoh (0)