Gamaleya markasi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasi yaxshi natija qayd etdi. “TASS”ning xabar berishicha, bu haqda 8-dekabr kuni Rossiya sog‘liqni saqlash vazirining maslahatchisi Sergey Glagolyev ma’lum qildi.
“Vaksinaning ikki komponenti bilan emlangan ko‘ngillilarning 0,5 foizidan kamrog‘i COVID-19’ga chalindi”, — degan u “Tibbiyot va sifat — 2020” XIII Butunrossiya ilmiy-amaliy konferensiyasida. Shuningdek, “bu har qanday vaksinaning profilaktik samaradorligi uchun juda ijobiy raqamlar” ekanligini ta’kidlagan.
Glagolyevning aytishicha, “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangandan so‘ng grippga o‘xshash sindrom, shu jumladan, tana haroratining ko‘tarilishi ko‘ngillilarning, taxminan, 10 foizida kuzatilgan. Vaksina olgandan keyin jiddiy nojo‘ya ta’sirlar qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Gamaleya instituti tomonidan ishlab chiqilgan va “Sputnik V” vaksinasi 11-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Vaksina klinik sinovlari uchinchi bosqichining oraliq tahlil natijalari 92 foiz samaradorlikni tashkil etishini ko‘rsatdi. Dekabr oyi boshlarida vaksina ikkita komponentining maksimal narxi ma’lum qilindi.
Izoh (0)