Xitoyning “Chane-5” kosmik apparatining uchish moduli orbital va qaytish moduli bilan muvaffaqiyatli tutashib, Yerga yetkazish uchun Oy tuproq namunalarini yukladi. “RBK”ning ma’lum qilishicha, bu haqda Xitoy milliy kosmik boshqarmasi (CNSA) xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, endi orbital va qaytish moduli uchish modulidan ajralib, Yerga qaytish uchun qulay paytni kutadi.
“Chane-5” apparati 4 ta moduldan iborat: Oyga qo‘nish, uning yuzasiga ko‘tarilish, namunalar ortilgan konteynerlarga tutashish va yuklash, shuningdek, ortga qaytish. U Oy tuprog‘ining namunasini olib, Yerga yetkazishi kerak. Avval ma’lum qilinganidek, bu muvaffaqiyatli amalga oshsa, namunalarni Yerga olib kelish bo‘yicha uchuvchisiz amalga oshirilgan birinchi missiyaga aylanadi. Bundan tashqari, Xitoy so‘nggi 44 yildan buyon Oy yuzasidan tuproq namunalarini olib kelgan birinchi davlatga aylanadi.
“Chane-5” zondi ortilgan “Chenchjen-5” raketasi 24-noyabr kuni Venchan kosmodromidan muvaffaqiyatli uchirilgandi. Qo‘nish moduli 1-dekabr kuni Oy yuzasida muvaffaqiyatli qo‘ndi. Keyinroq qaytish moduli Oyda Xitoy bayrog‘ini o‘rnatdi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning aprelida Xitoy boshqa ko‘plab mamlakatlar qatori, Oyga o‘z odamini qo‘ndirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi. May oyida esa “Yuytu-2” lunoxodi Oyning orqa tomonida Oy mantiyasining ikki xil jinslarini topgan edi.
Izoh (0)