O‘zbekistonda kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish maqsadida 2021-yildan boshlab har yili bir marta davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” respublika musobaqasi o‘tkaziladi. Bu haqda 1-dekabr kuni AOKAda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“Kurash – xalqaro sport turi sifatida e’tirof etildi. “Kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta” va “yonbosh” kabi o‘zbek atamalari esa xalqaro sport lug‘ati tarkibidan mustahkam o‘rin egalladi. 1998-yil 6-sentabrda ta’sis etilgan Xalqaro kurash assosiatsiyasi bugungi kunda sayyoramizning beshta qit’asidagi 130 dan ziyod davlatdagi kurash federatsiyalarini birlashtirgan”, – dedi O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Usmonov.
Shuningdek, Prezidentning “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4881-sonli ushbu qarorida kurash bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarni tashkil qilish, milliy sportning mavjud infratuzilma va moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, sport inventarlari va kiyim ta’minotini yaxshilash, bu borada ishlab chiqarishni kengaytirish, shuningdek, sohani malakali kadrlar, trener, hakamlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda ularni tayyorlashga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish belgilangan.
Qarorga muvofiq kurash milliy sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish hamda O‘zbekistonda kurashni umumxalq sport turiga aylantirish;
- kurashni ommalashtirish, uning jahon sporti durdonasiga aylanishiga va Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish;
- kurash bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;
- Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bosqichma-bosqich kurash hamda jangovar kurashni ustuvor sport turlari sifatida kiritish;
- kurash bo‘yicha professional trenerlar, hakamlar tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, kurashning ilmiy-metodologik bazasini kuchaytirish;
- o‘zbek kurashi brendini yaratish, investitsiyalarni jalb etgan holda yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlarini ishlab chiqarish, kurashni tijoratlashtirish choralarini ko‘rish;
- 2021–2025-yillarda viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan quriladigan hamda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Vazirlik huzuridagi kurash mahorat maktablarini bosqichma-bosqich tashkil etish qayd etilgan.
Izoh (0)