Butun dunyoda pandemiya boshidan buyon 56 milliondan ortiq kishi koronavirusga chalindi, deb yozadi “RBK” Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga tayanib.

Foto: Global Look Press

Noyabr boshidan beri COVID-19 yuqtirib olganlar 10 million kishiga ko‘paydi.

Eng ko‘p kasallanganlar quyidagi mamlakatlarda aniqlandi:

  • AQSh — 11,4 million kishi (qariyb 250 ming bemor vafot etdi);
  • Hindiston — 8,9 million (130,9 ming kishi vafot etdi);
  • Braziliya — 5,9 million (166,6 ming vafot etdi);
  • Fransiya — 2,1 million (46,7 ming vafot etdi);
  • Rossiya — qariyb 2 million (34,4 ming vafot etdi).

Shuningdek, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Argentina, Italiya, Kolumbiya va Meksikada COVID-19’ni yuqtirib olganlar soni 1 milliondan oshgan. Eng kam kasallar asosan orol davlatlarda, xususan, Marshall orollari (4 ta holat), Solomon orollari (16) va Fijida (35) qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bir hafta ichida (8-noyabrdan 15-noyabrgacha) dunyo bo‘yicha 3,99 million kishi koronavirusga chalingan. Bu pandemiya boshidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shuningdek, rekord darajada ko‘p — 60 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

Avvalroq AQShning Pfizer kompaniyasi Germaniyaning BioNTech kompaniyasi bilan birgalikda ishlab chiqarilgan COVID-19’ga qarshi vaksinaning samaradorligi 95 foizni tashkil etishini ma’lum qildi.

Pfizer kompaniyasi uchinchi bosqich sinovlarining dastlabki natijalariga tayanib, u tomonidan yaratilgan vaksinaning samaradorligi 90 foizga teng ekanligini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi samaradorligi 92 foizni tashkil qilishi haqida xabar berildi.

Keyinroq AQShning Moderna kompaniyasi tomonidan yaratilgan vaksinaning samaradorligi 94,5 foizni tashkil etgani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 5-oktabr kuni 35 milliondan, 11-oktabr kuni 37 million, 14-oktabr kuni 38 million, 19-oktabr kuni 40 million, 22-oktabr kuni 41 million, 5-noyabr kuni 48 million, 9-noyabr kuni 50 million, 14-noyabr kuni 53 million kishidan oshgandi.