AQShning Moderna kompaniyasi uning koronavirusga qarshi vaksinasi sinovlarning uchinchi bosqichida 94,5 foiz samaradorlik ko‘rsatganini e’lon qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: Voice of America

Kompaniya tomonidan ma’lum qilinishicha, sinovlarning uchinchi bosqichi 30 ming kishida amalga oshirilgan. Vaksinaning ikkinchi dozasi qabul qilinganidan ikki hafta o‘tgach, tadqiqot ishtirokchilarining 95 nafari koronavirus bilan kasallangan, ularning 90 nafari platsebo va besh nafari vaksina qabul qilgan.

Moderna tomonidan yaratilgan vaksina mRNA-1273 nomini olgan. Bu vaksina axborot tashuvchi RNK asosida yaratilgan bo‘lib, virusli S-oqsillar ribonuklein kislota tomonidan ishlab chiqariladi. Mazkur vaksina ishlash mexanizmi bo‘yicha Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan yaratilgan vaksinaga o‘xshaydi.

Avvalroq Pfizer va BioNTech kompaniyalari ular tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinaning samaradorligi klinik sinovlarning uchinchi bosqichida 90 foizni tashkil etganini ma’lum qilgandi. Rossiyada yaratilgan “Sputnik V” vaksinasining samaradorligi esa 92 foizga baholanmoqda.