Italiyada 2019-yil sentabrida olingan qon namunalarida koronavirusga qarshi antitanalar topildi, deb xabar bermoqda “Interfaks”. Bu SARS-Cov-2 koronavirusi mamlakatda o‘sha vaqtdayoq tarqalganidan dalolat beradi.
“Biz 2019-yil sentabr va 2020-yil mart oralig‘ida o‘pkasi skrining qilingan 959 kishidan olingan qon namunalarida tahlil o‘tkazdik va antitanalarni o‘rganib chiqdik. Qon namunasi olingan 959 kishining 111 nafarida SARS-Cov-2 RBD antitanalari aniqlandi (11,6 foiz)”, — deyiladi Milan onkologiya instituti va Siyena universiteti hisobotida.
Tadqiqot eng ko‘p holatlar Lombardiya, Pemont, Latsio, Emiliya-Romanya, Toskana va Venetoda bo‘lganini ko‘rsatgan. Bu COVID-19’ning simptomsiz holatlari Italiyada “birinchi bemor” rasman qayd etilishidan ancha avval boshlanganidan dalolat beradi.
Milandagi “Luiji Sakko” yuqumli kasalliklar klinikasi direktori Massimo Gali esa virusning 2019-yil sentabrda paydo bo‘lganiga shubha bildirdi: nima uchun kasallikning birinchi o‘choqlari darhol paydo bo‘lmadi?
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yangi koronavirus 2019-yil dekabrda Xitoyning Uxan shahridan tarqala boshlagan deb hisoblanadi. Yevropada koronavirus bilan kasallanishning dastlabki holatlari yanvar oyida qayd etilgan.
Izoh (0)