Rossiyada koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasi klinik sinovlari uchinchi bosqichining oraliq tahlil natijalari uning samaradorligi 92 foizni tashkil etishini ko‘rsatdi. Meduza’ning yozishicha, bu haqda vaksinaning Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilingan.
Xabarda aytilishicha, samaradorlikni bunday baholash platsebo va vaksina olgan ko‘ngillilar o‘rtasida tarqatilgan COVID-19’ning tasdiqlangan 20 ta holatini tahlil qilish asosida kelib chiqqan.
Shuningdek, vaksina yaratuvchilarining fikriga ko‘ra, 90 foizdan yuqori samaradorlik vaksinani klinik sinovlardan tashqarida olgan 10 ming nafar ko‘ngillini kuzatish natijalari bilan ham tasdiqlangan.
“Sputnik V” yaratuvchilari ular koronavirusga qarshi vaksinani dunyoda birinchi bo‘lib ishlab chiqib, uni ro‘yxatdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQShning Pfizer kompaniyasi tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina 90 foiz samaradorlik ko‘rsatgani haqida xabar berilgan edi. Kompaniya tomonidan qayd etilishicha, vaksinaning samarali ta’siri emlash boshlanganidan 28 kundan keyin seziladi — bu vaqt ichida bemorga vaksinaning ikkita dozasi jo‘natiladi. Tadqiqotda jami 43 538 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Ularning hech birida jiddiy ikkilamchi ta’sir kuzatilmagan.
“Sputnik” vaksinasini ishlab chiqqan Rossiyaning Gamaleya nomidagi markaz rahbari Aleksandr Grinsburg Pfizer preparatining sinov natijalariga munosabat bildirib, “dunyoda qancha ko‘p vaksina bo‘lsa, odamlar shuncha yaxshi himoyalanadi”, deb aytgan.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining terapiya va umumiy tibbiy amaliyot bo‘yicha bosh mutaxassisi Oksana Drapkina koronavirus infeksiyasiga qarshi yana bir samarali vaksina paydo bo‘lishini “xushxabar” deb atadi. U Rossiyaning “Sputnik V” preparati samaradorligi ham 90 foizdan yuqoriligini bildirgan.