Armaniston poytaxti Yerevan markazida bo‘lib o‘tayotgan norozilik namoyishi qatnashchilari mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyandan iste’foga chiqishni talab qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Namoyishchilar Pashinyanga o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqishini e’lon qilishi uchun 11-noyabr yarim tungacha vaqt bergan. Xabar berilishicha, Pashinyan iste’foga chiqishdan bosh tortsa, namoyishchilar “uning ketishi bilan bog‘liq masalani mustaqil hal qilishga” va’da bergan. Muxolifat vakillari esa Pashinyan iste’foga chiqishdan bosh tortgan taqdirda, matbuot anjumani o‘tkazishni va keyingi harakatlar haqida ma’lumot berishni va’da qilgan.
Shu bilan bir vaqtda, “Yashnayotgan Armaniston” muxolifat partiyasi vakillari Pashinyanning iste’fosi masalasini hal qilish uchun parlamentning navbatdan tashqari majlisini chaqirgan. Majlis Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlangan.
Nikol Pashinyan 10-noyabrga o‘tar kechasi Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzoladi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ hududining qariyb yarmi Ozarbayjon nazorati ostida qoladi.
Kelishuv imzolangani haqida ma’lum qilinganidan keyin Yerevanda norozilik namoyishi boshlandi. Namoyishda o‘n minglab odam qatnashmoqda. Pashinyanga qarshi bo‘lganlar kelishuvni “sotqinlik” deb atagan.
Avvalroq Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ atrofida yuzaga kelgan majburiyatlar uchun javobgar ekanligini ma’lum qilgandi. Uning fikricha, Tog‘li Qorabog‘dagi urushni tugatish uchun kelishuvni imzolashdan boshqa chora yo‘q edi. Pashinyanning aytishicha, Armaniston jangovar harakatlarni davom ettirganida, nafaqat Tog‘li Qorabog‘ poytaxti Stepanakertni, balki butun Tog‘li Qorabog‘ni qo‘ldan chiqargan, minglab harbiy xizmatchilar qurshovda qolib ketgan bo‘lardi.
Armanistonda 2018-yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti Serj Sargsyan boshchilik qiladigan o‘ng konservatorlar partiyasi 49,12 foiz ovoz to‘plab g‘olib chiqqandi. Shundan so‘ng, Serj Sargsyan nomzodi bosh vazir lavozimiga ilgari surilgan va bunga qarshi Yerevanda namoyish boshlangan. O‘shanda Armaniston parlamenti deputati bo‘lgan Nikol Pashinyan Yerevan aholisini ommaviy bo‘ysunmaslik aksiyalarini uyushtirish, jumladan, ko‘chalar va ko‘priklarda harakatlanishga to‘sqinlik qilish, metropoliten faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik, banklardagi barcha hisob raqamlaridan pullarni olishga chaqirgandi. Armanistonda namoyishchilar davlat muassasalarini qamal qilishga kirishgach, Nikol Pashinyan mamlakatda inqilob boshlanganini e’lon qilgan.
Armaniston bosh vaziri bo‘lgan Serj Sargsyan uning tayinlanishiga qarshi uyushtirilgan ommaviy chiqishlardan so‘ng lavozimini tark etishga majbur bo‘lgan. Buning ortidan o‘sha paytda Armanistondagi muxolifatchilar yetakchisi, “Yelk” partiyasining parlament fraksiyasi rahbari Nikol Pashinyan mamlakat bosh vazirligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan, keyinroq bosh vazir etib tayinlangan.
Nikol Pashinyan 2018-yilning oktabr oyida mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishiga erishish maqsadida iste’foga chiqdi va bosh vaziri vazifasini bajaruvchi sifatida parlamentni tarqatib yubordi. 2018-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Pashinyanning partiyasi g‘alaba qozondi.