Litva Ostrovets shahridagi atom elektr stansiyasi BelAESni ishga tushirish chog‘ida 8-noyabr kuni yuz bergan hodisa haqida Belarusdan rasmiy ma’lumot so‘ramoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Litva Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, mamlakat va butun xalqaro hamjamiyat uchun BelAESdagi vaziyat haqida faktlarga asoslangan rasmiy ma’lumotga tayanish muhim hisoblanadi. Shu munosabat bilan hodisa, uning sabablari hamda stansiyani ishga tushirish jarayoniga va atom xavfsizligiga ta’siri haqida ma’lumot so‘ralgan.
Litva xavfsizlik madaniyatini ta’minlash muhimligini ham ta’kidlagan. Shuningdek, Litva Belarusni yadro xavfsizligining eng yuqori standartlari, stress-test bo‘yicha ekologik talablar va tavsiyalar to‘liq bajarilmaguncha yadro qurilmasini ishga tushirishni to‘xtatishga chaqirgan.
BelAES 7-noyabr kuni Aleksandr Lukashenko tomonidan tantanali ravishda ochib berilgan. Ochilish marosimida Lukashenko Belarus qudratli yadro davlatiga aylanishini ma’lum qilgan. U “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov bilan Rossiya davlat korporatsiyasining filialini tashkil qilishni, BelAESda qo‘shimcha reaktorlar qurilishi ehtimolini, mintaqada ko‘p miqdorda energiya ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni, boshqa mamlakatlarda hamkorlikda atom elektrostansiyalari qurishni muhokama qilgan.
9-noyabr kuni esa (ba’zi manbalarda 8-noyabr kuni) AESning birinchi energoblokida kuchlanish transformatorlarining ishdan chiqishi sababli turbina to‘xtatilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Belarus Energetika vazirligining xabar berishicha, atom elektrostansiyasida “alohida elektrotexnik o‘lchov qurilmalarini almashtirish zarurati aniqlangan, mazkur qurilmani almashtirish ishlari esa texnologik reglamentga asosan amalga oshirilmoqda”. 10-noyabr kuni Belarus Davlat atom nazorati xizmati almashtirilishi kerak bo‘lgan elektrotexnik o‘lchov qurilmasi xavfsizlikning 4-sinfiga taalluqli ekanligi va obyektning yadroviy va radiatsion xavfsizligiga ta’sir qilmasligi haqida xabar berdi.
Litva Tashqi ishlar vazirligi “xavfsiz bo‘lmagan Ostrovets atom elektr stansiyasi” ishga tushirilishidan avval Belarusga norozilik notasini jo‘natgan. Notada “nafaqat Belarus yoki Litva, balki butun Yevropada yadro tahdidi va atrof-muhitga tahdidni kuchaytiradigan Belarusning mas’uliyatsiz harakatlari” qoralangan.
Litva poytaxti Vilnyus shahri meriyasi shahar aholisiga murojaat qilgan va Belarusda AESning ishga tushirilishi munosabati bilan 17-noyabrgacha dorixonalardagi bepul yod tabletkalaridan zaxira qilib qo‘yishni so‘ragan.
BelAES
Belarusdagi birinchi atom elektr stansiyasining qurilishi 2011-yilning iyul oyida boshlangan. Uning qurilishi uchun Rossiyaning “VVER-1200” suv-suv reaktoriga ega “AES-2006” loyihasi tanlangan. Stansiya Belarusning shimoli-g‘arbiy chegarasida, Grodno viloyatining Ostrovets shahridan 18 kilometr uzoqlikdagi Vornyani shaharchasida — Litva poytaxti Vilnyusdan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan. AESni qurish bo‘yicha Belarusning asosiy hamkori “Rosatom” davlat korporatsiyasining “Atomstroyeksport” kompaniyasi bo‘lgan.
BelAESning 7-noyabr kuni ishga tushirilgan birinchi energobloki mamlakatning birlashgan energiya tizimiga 3-noyabr kuni ulangan. Energiya tizimiga ulanganidan boshlab uch sutka davomida BelAESdan 22 million kilovatt/soat elektr energiyasi chiqarilgan.