Jo‘rabek Mirzamahmudov “boshqa ishga o‘tgani sabab” energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Tegishli prezident qarori 3-noyabrda imzolangan.
Prezidentning 3-noyabrdagi boshqa qarori bilan energetika vazirining birinchi o‘rinbosari va “O‘zatom” agentligi direktori lavozimlari ajratilgan.
Jo‘rabek Mirzamahmudov 2018-yil iyunidan “O‘zatom” agentligini boshqarib kelayotgan edi. 2019-yilning fevral oyida “O‘zatom” rahbari sifatida energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. “Gazeta.uz”ning yozishicha, u “O‘zatom” agentligi rahbari lavozimini saqlab qolgan.
2020-yilning yanvar oyidan Mirzamahmudov “O‘zkimyosanoat” kompaniyasining boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi bo‘lib faoliyat olib borayotgan edi. Endi u ushbu lavozimga “vazifasini bajaruvchi” qo‘shimchasisiz tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Jo‘rabek Mirzamahmudov (1979-yilda tug‘ilgan) 2001-yilda “Umid” jamg‘armasi granti asosida AQShdagi Alabama universitetini, 2005-yilda esa Toshkent kimyo texnologiyalari institutini tamomlagan. Bunga qadar Vazirlar Mahkamasi Yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan. “O‘zkimyosanoat” boshqaruvi raisining o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2018-yil iyunidan “O‘zatom” agentligini boshqarib kelmoqda.
Izoh (0)