Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U, shuningdek, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi bosh direktori lavozimini saqlab qoldi. Bu haqda agentlik ma’lumotiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Jo‘rabek Mirzamahmudov (1979-yilda tug‘ilgan) 2001-yilda “Umid” jamg‘armasi yo‘llanmasi bo‘yicha Alabama universitetini (AQSh), 2005-yilda esa Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan.

Bunga qadar Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish bo‘yicha Axborot-tahliliy departamenti rahbari lavozimida ishlagan. “O‘zkimyosanoat” boshqaruv raisi o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018-yilning iyunidan “O‘zatom” agentligini boshqarib kelmoqda.

O‘zbekiston Energetika vazirligi Prezidentning 1-fevral kungi qarori bilan tashkil etilgan.