AQShda 30-oktabr kuni yana 100 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlandi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Mamlakat bo‘ylab 24 soat ichida 100 233 kishida COVID-19 tasdiqlangan bo‘lib, bu AQShda shu vaqtga qadar bir sutkada qayd etilgan maksimal ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan oldingi rekord 29-oktabr kuni qayd etilgandi — 91 248 kishi.
Mazkur ko‘rsatkich pandemiya boshlanganidan buyon butun dunyo mamlakatlari orasida kuzatilgan rekord hisoblanadi. Bundan oldingi rekord Hindistonda sentabr oyida qayd etilgan. O‘shanda Hindistonda bir sutkada 97 894 kishi koronavirusga chalingan.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 9 million kishidan oshgan. Ularning qariyb 230 mingi COVID-19 qurboniga aylangan, 3,5 milliondan ortiq odam sog‘aygan.
Eslatib o‘tamiz, 23-oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga qarshi Amerika vaksinasi tez orada paydo bo‘lishini e’lon qilgandi.
Izoh (0)