AQSh yaqin kunlar ichida COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi Amerika vaksinasi tayyor bo‘lganini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Demokratlar partiyasi nomzodi Jozef Bayden bilan o‘tkazilgan saylovoldi teledebatlarining so‘nggi raundida ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: Getty Images

“Bizda tez orada paydo bo‘ladigan vaksina mavjud. U tayyor. Bu haqda bir hafta ichida e’lon qilinadi va u amerikaliklarga tarqatiladi”, — deydi Tramp.

Amerika prezidentining ta’kidlashicha, mamlakat bo‘ylab vaksinani tarqatish masalasi bilan Pentagon shug‘ullanmoqda. Shuningdek, u vaksinalar ustida ish olib borayotgan kompaniyalarni sanab o‘tgan. Ular orasida Johnson & Johnson, Moderna, Pfizer va boshqa kompaniyalar bor.

NBC telekanali muxbiri Kristen Uelker Trampdan nima uchun vaksinani yaratish masalalari bilan shug‘ullanayotgan mansabdorlar u AQShda 2021-yildan ertaroq paydo bo‘lmasligini aytganini so‘ragan.

“Yo‘q, men aytgan muddatlar ancha aniqroq. Ular vaksina tarqatish ishida harbiy xizmatchilarga men kabi ishonadimi yoki yo‘q, bilmayman”, — deydi Tramp.

Sentabr oyining o‘rtalarida AQSh prezidenti koronavirusga qarshi vaksinaning mamlakat aholisi o‘rtasida keng tarqatish oktabr oyidan boshlanishini ma’lum qilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasining klinik sinovlari o‘tkazilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi bo‘yicha direktori Hans Klyuge koronavirusga qarshi yaratiladigan bo‘lajak vaksina pandemiyaga chek qo‘ya olmasligi va aholining barcha qatlami uchun birdek samarali bo‘lmasligini ta’kidlagandi.