Futbol bo‘yicha Fransiya terma jamoasi Millatlar Ligasi 4-turi doirasida Xorvatiyaga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Fransuzlar safida Eduardo Kamavinga o‘yinning 63-daqiqasida Korenten Tolissoning o‘rniga maydonga tushdi. Bu 17 yoshli Kamavinga uchun milliy jamoa libosidagi 3-o‘yin bo‘ldi. Eduardo terma jamoadagi debyutini 2020-yil 8-sentabrida aynan Xorvatiyaga qarshi dastlabki bahsda (4:2) nishonlagandi. Shundan so‘ng futbolchi Ukrainaga qarshi 7-oktabrdagi o‘rtoqlik o‘yinida (7:1) qatnashib, gol ham urishga erishdi.
Opta xabariga ko‘ra, Eduardo Kamavinga Fransiya terma jamoasida 1910-yilda qayd etilgan natijani takrorladi. 110 yil oldin Daniel Mersye 18 yoshgacha bo‘lgan vaqtida terma jamoa safida 3 ta o‘yin o‘tkazishga ulgurgandi. Shundan so‘ng bunday natijani hech kim qaytara olmay kelayotgandi.
Eduardo Kamavinga — 2002-yil 10-noyabrda tug‘ilgan. Ayni damda futbolchi “Renn” klubi sharafini himoya qiladi. Uning transferi Transfermarkt portali tomoindan 37,5 million yevroga baholangan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)