“Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis namanganliklar klubi bilan amaldagi shartnomani bekor qildi, deya xabar qilmoqda “Match-TV”.
Manbada ta’kidlanishicha, rossiyalik mutaxassisga to‘rt oydan beri maoshning to‘lanmagani bunga sabab bo‘lgan. Kanchelskis 2018-yildan buyon “Navbahor”ni boshqarib kelayotgandi.
Murabbiy bilan birga “Navbahor”ni rossiyalik futbolchi Pavel Golishev ham tark etgan.
Xabarda keltirishicha, Kanchelskis Rossiyaning ikkinchi divizioni klublari taklifini o‘rganib chiqishga tayyor.
“Championat.asia”ga ko‘ra, mutaxassis “Navbahor” ustidan FIFAga shikoyat xati yozmoqchi. Avvalroq namanganliklar klubida ishlagan Aleksey Belenkov ham maoshini to‘liq ololmagani sabab FIFA arz qilgan, natijada “Navbahor”ga tashkilot tomonidan 520 ming yevro miqdoridagi jarima qo‘yilgan edi.
Hozircha namanganliklar matbuot xizmati bu borada hech qanday ma’lumot bergani yo‘q. Ayni damda jamoa mashg‘ulotlariga yordamchi murabbiy No‘mon Hasanov boshchilik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov “Navbahor” klubida strategiya o‘zgarishi va jamoa e’tiborini mahalliy futbolchilarga qaratishini ma’lum qilgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)