O‘zbekiston 6-oktabr soat 00:00 dan boshlab Qirg‘iziston va uchinchi davlat fuqarolariga mamlakatga kirish uchun cheklovlarni joriy qildi, deya xabar bermoqda Qirg‘iziston chegara xizmati.
Chegara xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hududida bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari mamlakatni tark etishlari mumkin va Qirg‘iziston hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekistonga kirishlari mumkin. O‘zaro yuk tashish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Lekin Davlat bojxona qo‘mitasining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, cheklov faqat Qirg‘izistonga kirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 4-oktabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. 5-oktabr kuni saylov natijalaridan norozi bo‘lgan minglab odamlar namoyishga chiqdi.
Bishkekdagi namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi. Namoyishchilar prezident qarorgohi – Oq uy, parlament va meriyani egalladi, sobiq prezident Atambayevni qamoqdan ozod qildi.
Qirg‘iziston prezidenti So‘ronboy Jeenbekov bayonot bilan chiqib, mamlakatda hukumatni noqonuniy egallashga urinish sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovi natijalarini haqiqiy emas deb topdi.
Izoh (0)