Respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov koronavirusdan davolanish paytida minglab odamlar undan xabar olib turgani haqida “Shifobaxshuz” Telegram kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Kasal bo‘lib qolganim haqida ommaviy axborot vositalarida xabar tarqalganidan keyin birinchi kunning o‘zida men tanimagan va bilmagan 802 nafar odam qo‘ng‘iroq qilib, holimdan xabar oldi. Bular orasida yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlardan tortib, fuqarolar yig‘inlari raislari, shifokorlar, o‘qituvchilar, jurnalistlar, shoirlar, yozuvchilar, oddiy fuqarolar bor edi. Ular o‘zlarining kimligini menga tanishtirib, kasallikdan tezroq forig‘ bo‘lishimni, sog‘ayib ketishimni xohlayotganliklarini, duoda ekanliklarini qayta-qayta ta’kidlashdi. Ko‘pchilikning salomatligimga befarq emasligi meni juda quvontirdi. Demak men, to‘rt oy davomida xalq bilan muloqot qilish orqali ularga tanish bo‘lib qolibman, xonadoniga “kirib boribman” degan fikrga keldim, – dedi O‘zbekiston bosh davlat sanitariya inspektori.
Suhbat chog‘ida professor shu darajada ko‘p qo‘ng‘iroq bo‘lganidan ba’zan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishga ulgura olmaganini ta’kidlab o‘tdi.
“Bu darajadagi e’tirof va samimiylikni ko‘rib, menda, shu paytga qadar bekorga harakat qilmabman, xalqimning ko‘ngliga yo‘l topa bilibman, ularga tanish chehraga aylanib qolibman degan mag‘rurlik va erkalanish hissi paydo bo‘ldi. Ushbu holatni, aniqroq aytsam, odamlarning dil izhorlarini, niyatlarini, ko‘ngillarining tubidagi gaplarini eshitgan odamgina his qilishi mumkin. Shu e’tibordan o‘zimga qanot bog‘ladim, ko‘p jihatdan ruhan quvvat oldim, nazarimda, ularning hammasi menga quvvat va ko‘mak bo‘ldi, kasallikdan tezroq sog‘ayib ketishimda yordam berganini sezdim”, – dedi Nurmat Otabekov.
Mavzuga doir:
- Nurmat Otabekov: “Koronavirusga chalinish ehtimoli chalinmaslik ehtimolidan ko‘proq ekanini olim sifatida o‘zim uchun kashf qildim”
- Nurmat Otabekov koronavirusdan davolanib chiqqanidan keyin qanday asoratlar qolganini ma’lum qildi
- Nurmat Otabekov: Qo‘shimcha davolash usullari va dori-darmonlarsiz sog‘aydim
- Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusni qanday yuqtirib olganini ma’lum qildi
- Nurmat Otabekov: “To‘rt oy nimalarni gapirib bergan bo‘lsam, barchasini o‘zimda kuzatdim”
Izoh (0)