Toshkentda koronavirusga chalingan 67 yoshli sirdaryolik erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilgan.

Foto: Sirdaryo musiqali drama teatri matbuot xizmati

Xabarga ko‘ra, Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli A.A. tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, umumiy holsizlik sababli COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan. 5-iyul kuni unda COVID-19 tasdiqlangan va shu kuni Toshkent shahridagi Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

12-iyul kuni o‘tkir nafas yetishmovchiligi hisobiga jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashgan. Mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay, bemor ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi oqibatida vafot etdi, deyiladi SSV xabarida.

Avval Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayevning 67 yoshida vafot etgani xabar qilingan, ammo aktyorning o‘limi sabablari ochiqlanmagandi.

Adham Abdullayev O‘zbekistonda koronavirus asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan 76-bemor, SSV bergan rasmiy statistikaga ko‘ra esa 74-bemor bo‘ldi. 16-iyul kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 55 yoshli Sh.A. ismli erkakSergeli tumani IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev, Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi 53 yoshli Sh.A. ismli erkakning vafot etgani haqida xabarlar berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha koronavirusga chalingani tasdiqlangan jami to‘rt nafar ichki ishlar organlari xodimi vafot etgan (birinchi o‘lim holati haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas).

13 va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan, keyinroq ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.