“O‘zbekiston temiryo‘llari” Rossiyadan yana uchta yangi elektrovoz olib keldi, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
18-iyul kuni Toshkent Markaziy vokzaliga “Yermak” tipidagi ikkita yangi uch seksiyali elektrovoz olib kelingan, yil yakuniga qadar yana shunday elektrovozlarning uchtasi keltirilishi rejalashtirilgan edi. 28-avgust kuni ushbu vokzalga navbatdagi uch seksiyali 3ES5K seriyali 3 ta yangi “Yermak” elektrovozi olib kelindi.
“Bugungi kunda ‘O‘zbekiston temiryo‘llari’ aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi po‘lat izlarning umumiy uzunligi 7 ming 500 kilometrdan oshdi, shu bilan birga elektrlashtirilgan uchastka yo‘llari soni ham ko‘payib bormoqda. Bu turdagi lokomotivlar soni endi 7 tani tashkil etmoqda”, — deydi Lokomotiv boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Soriyev.
Uning ta’kidlashicha, elektrovozdagi kompyuterlashtirilgan tizimi elektron qurilmlalarini ishlash umrini uzaytiradi va xavfsizlikni ta'minlashga xissa qo‘shadi. Undan tashqari ushbu elektrovozlar texnik ko‘rigi ham oldingi elektrovozlardan farq qiladi. Ya’ni oldingi elektrovozlar uch kunda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tsa, bu elektrovozlar 10 kunda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Xabarda qayd etilishicha, mazkur elektrovozlarda Toshkent, Qarshi hamda Buxoro mintaqaviy temiryo‘l uzellar unitar korxonalari hududidagi Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qarshi viloyati yo‘nalishlarida harakatlanadigan yuk poyezdlariga xizmat ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, may oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Rossiyadan beshta elektrovoz sotib olishi xabar berilgan edi.
Izoh (0)