O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarining test savollari osonlashtiriladi. Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov 12-avgust kuni Xalqaro press klubning qabul masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida ma’lum qildi.
“Testlar 4 xil turda — sodda savollar, o‘rtacha oson savollar, murakkabroq savollar va yuqori murakkablik darajasida belgilanar edi. Endilikda sodda savollar 12 ta, o‘rtacha oson savollar 12 ta, 3-darajali murakkabroq savollar soni 6 ta bo‘ldi.
Yuqori murakkablik darajasidagi savollar endi yo‘q. Ikki yildan beri juda murakkab savollar, ya’ni olimpiada ishtirokchilari uchun qo‘yiladigan savollar butunlay olib tashlangan”, — deb izohlagan Majid Karimov.
DTM direktorining bildirishicha, respublika bo‘yicha bir kunda 100 ming odam test sinovi topshirishi rejalashtirilmoqda.
Toshkent shahrida test sinovlari uchun 10 000 taga yaqin o‘rinli joy tayyorlangan, sinovlar ikki smenada tashkil qilinib, bir kunda 20 mingga yaqin abituriyent test topshirishiga imkon yaratiladi.
Test topshirilgandan keyin ertasi kuni natijalarni ko‘rsa bo‘ladi. Bir hafta ichida abituriyent qaysi yo‘nalishga tavsiya etilgani ma’lum qilinadi. Bu ma’lumotlar hamda to‘plangan ballarni shaxsiy kabinet orqali bilib olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 364 ta, magistraturaga 10 425 ta o‘rin ajratilgan. Kirish imtihonlari ikki smenada respublika bo‘yicha tanlab olingan 155 ta stadionlarning 40 tasida o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda pandemiya sharoiti murakkab kechayotganligi, karantin cheklovlari bekor qilinmayotganligi yoki yumshatilmaganligi bois oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish muddatlari haqida jamoatchilik muntazam xabardor qilib boriladi.
Izoh (0)