“Surxon” futbol klubi 13 nafar futbolchisining koronavirus infeksiyasi uchun topshirgan test natijalari musbat ko‘rsatkich qayd etdi. Bu haqda Professional futbol ligasi xabar bermoqda .
Ta’kidlanishicha, hozirda kasallikka chalingan futbolchilar jamoadan ajratilib, o‘z-o‘zini yakkalash holatiga olingan. Shuningdek, jamoa massajchilari ham virus yuqtirib olgan.
Shu bois klubning boshqa futbolchi va xodimlari COVID-19’ga yana bir bor test topshirgani va ayni damda ular test javoblarini kutayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur jamoaning ikki nafar o‘yinchisida koronavirus infeksiyasi aniqlagani haqida xabar berilgandi.
Biroz vaqt muqaddam PFL “Nasaf”, “So‘g‘diyona” va “Qo‘qon-1912” jamoalarida birorta ham koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan holat kuzatilmaganini ma’lum qilgandi.
Qayd etish joiz, hozirga qadar “Buxoro”ning sakkiz nafar, “Paxtakor”ning besh nafar, “Bunyodkor”ning bir nafar o‘yinchisi koronavirusga chalingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Pro-Ligada qatnashadigan Samarqandning “Dinamo” klubining uch nafar futbolchisida koronavirus infeksiyasi borligi gumon qilinib, 15-iyul kuni “Xorazm”ga qarshi o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bellashuv ham bekor qilingandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)