Dunyoda haqiqiy sevgiga hech narsa to‘sqinlik qila olmasligi to‘g‘risida yuzlab kitoblar yozilgan va qo‘shiqlar kuylangan. Skandinaviyalik juftlik real hayotda ham shu kabi holat uchrab turishini isbotlab berdi, deb yozadi BBC.
Aleksandr Klern va Kamilla Eyryud oila qurishga qaror qilib, to‘y kunini belgilab qo‘yadi va tantanali marosimga tayyorgarlikni boshlab yuboradi. Biroq oraga koronavirus pandemiyasi qo‘shiladi. Kuyov Shvetsiyada, kelin esa Norvegiyada yashasa, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralar yopiq bo‘lsa, nima qilish kerak? To‘yni ko‘chirishmi? Biroq juftlik boshqacha yo‘l tutdi, ular tom ma’noda transchegaraviy to‘y tashkillashtirdi.
Kelin va kuyov chegaraning ikki tarafida — mehmonlarning bir qismi Shvetsiya, qolgani Norvegiya tarafda. Kelinning so‘zlariga ko‘ra, u to‘yni shu tarzda o‘tkazish bo‘yicha hazillashib taklif bildirgan. Kutilmaganda uning do‘stlari va qarindoshlari mazkur g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan. O‘z navbatida kuyov ham marosimga biror mehmon kelishiga umid qilmaganini tan olgan. Chunki nikoh o‘qiladigan joygacha o‘rmon orqali uzoq vaqt yurib kelish kerak bo‘lgan. Biroq mehmonlar tashrif buyurgan, hatto kutilganidan ham ko‘p — ikki nafar politsiyachi chegara buzilmasligini nazorat qilib turgan.
“Biz oila qurishni istagan edik. Sevgi barcha to‘siqlarni yengib o‘tadi”, — deydi kelin. Ammo to‘ydan keyin juftlik ikki tomonga tarqalishga majbur bo‘lgan — chegaralar hali ochilganicha yo‘q.
Izoh (0)