Boks bo‘yicha beshta vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Roy Jons og‘ir vazn toifasi sobiq chempioni Mayk Tayson bilan jang o‘tkazishi mumkinligini haqidagi xabarlarga sharh berdi.
“Ha, bu to‘g‘ri, Mayk — afsona. U bilan birga ringga chiqishga taklif olib, uni rad etish aqlsizlik bo‘ladi. Men boksga qaytishni va yana mushtlashishni istamagandim, biroq Mayk Tayson uchun istisno qilishga tayyorman.
Bu men uchun rad etib bo‘lmas imkoniyat. Shuncha talabgorlar ichida u meni tanladi. Mayk shunday qilgan ekan, qanaqasiga yo‘q deya olishim mumkin?”, — deydi Jons.
Avvalroq 54 yoshli Mayk Tayson va 51 yoshli Roy Jons o‘rtasidagi jang sentabr oyida AQShda bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar yangragandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tayson ringga qaytishi va bir nechta ko‘rgazmali janglarda ishtirok etishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Mayk ringdagi so‘nggi jangini 2005-yil o‘tkazgan. Tayson professional boksda 58 ta jang o‘tkazib, ularning 50 tasida g‘alaba qozongan. 44 ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan. Oltita jangda mag‘lub bo‘lgan. Ikkita jangi natijasi hisobga olinmagan.
Roy Jons esa professional boksda 75 ta jang o‘tkazib, 66 g‘alabaga (47 tasi nokaut) erishgan va to‘qqiz bor mag‘lub bo‘lgan.
Roy Jons va Mayk Tayson ishtirokidagi eng sara janglarni tomosha qiling (video)
Izoh (0)