Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul, dushanba kuni Toshkent shahri va viloyatida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Toshkent shahri va viloyatida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirish uchun choralar ko‘rilayotganiga qaramasdan, kasallanganlar va vafot etganlar soni ko‘payib ketmoqda.
“Vafot etganlarning 80 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Hozir iloji boricha eng og‘ir yotganlarga mutaxassislarni qo‘yib, ularni davolash kerak”, — dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, eng muhim masalalardan biri kasallikning belgilarsiz shakli bilan kasallanib, uyda davolanayotganlar uchun yangi tizim yaratish hisoblanadi.
Prezidentning aytishicha, uy sharoitida davolanayotganlar yolg‘iz qolmasligi kerak, bemordagi qo‘rquvni yengish uchun mazkur bemorlar bilan muloqot qilib turish zarur. Buning uchun tuman poliklinikalari shifokorlari telefon orqali bemorlar bilan bog‘lanib turishi lozim.
“Ko‘chaga chiqish man etiladi. Hamma narsani olib kelib beramiz, mana shu narsani tashkil qilishimiz kerak. Agar u ko‘chaga chiqsa, boshqa kishilarning zararlanish ehtimoli 200 foiz”, — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident hozirgi sharoitda tumanlardagi to‘rtta sektor rahbarlariga ko‘p narsa bog‘liqligini ta’kidlab o‘tdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 20-iyul soat 23:30 holatiga berilgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha vafot etganlar soni 91 nafarni tashkil etmoqda. Ushbu holatlarning 53 tasi yoki 58 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Vazirlik 20-iyul kuni Toshkent shahrida olmazorlik ayol, yunusobodlik, uchtepalik va mirobodlik erkaklarning vafot etgani haqida xabar berdi.
Bundan tashqari, “Daryo” hisob-kitobiga kiritilgan DXA xodimi, Madaniyat vazirligi xodimi va Olmaliq shahridagi ikki kishining o‘limi hozircha SSV tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Izoh (0)