Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan toshkentlik 60 yoshli ayolning vafot etganini tasdiqladi.

Avvalroq Olmazor tumani hokimligi “Mirzo G‘olib” mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza Asqarovna To‘xtayeva koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganini ma’lum qilgan, biroq SSV ushbu ma’lumotni tasdiqlamagan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 60 yoshli F.T.da 8-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiya, qandli diabet kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Bu SSV statistikasi bo‘yicha 88, “Daryo” hisob-kitobiga ko‘ra esa O‘zbekistondagi 90-o‘lim holati.

Avvalroq Toshkentda yunusobodlik 39 yoshli erkak COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a’zolariga esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi.