O‘zbekiston Prezidentining tegishli qaroriga asosan Abduhakim Mo‘minovich Xojiboyev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qilgan.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 15-iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham ma’lum qilingan. Mazkur yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurashni samarali tashkil qilmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga hayfsan berilgan.
Abduhakim Xojiboyev ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. U mazkur lavozimga uchinchi bor tayinlandi, deyiladi xabarda.
Avval Prezidentning 2020-yil 3-iyuldagi tegishli qarorlariga asosan, sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga Elmira Bositxonova, Ulug‘bek Sobirov, Shohrux Shorahmetov hamda Abdulla Azizov tayinlangandi.
19-aprelda O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan Bahodir Yusupaliyev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori lavozimini egallagan.
Izoh (0)