Parij shahri eramizdan avvalgi 52-yilda ilk bor Yuliy Sezar qaydnomalarida tilga olingan. Bu rasmiy ravishda Parij shahrining tug‘ilish sanasi deb hisoblanadi. “Daryo” Parij shahri tarixi haqida hikoya qiladi.
Lutetsiya – parizilar shahri
Dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri, Fransiya respublikasining poytaxti, eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan shaharlardan biri, sevishganlar shahri deb ataladigan Parij shahri eramizdan avvalgi I asrda Rim hukmdori Yuliy Sezarning “Galliyaga urushlar” asarida Lutecia, yoki Lutetia shaklida ilk bor tilga olinadi (Pierre-Henri Billy, Dictionnaire des noms de lieux de la France, éditions Errance, 2011, 639 p).Keyinchalik, IV asrga kelib Lutetia apud Parisios shaklida uchrasa, V asr boshlaridan Parisios, 887-yildan boshlab esa Paris shaklida aytila boshlangan (Pierre-Henri Billy, Dictionnaire des noms de lieux de la France, éditions Errance, 2011, 639 p). Fransuz tilida Parij nomi Paris shaklida ishlatiladi. Bu so‘z esa o‘sha hududda yashagan gallarga mansub Parisii (Parizii) xalqi nomidan olingan.
Sena daryosi havzasida joylashgan mazkur shahar dastlab yuqorida aytilganidek, Yuliy Sezar qaydnomalarida Lutecia shaklida tilga olingan. Lutecia esa Pyer Anri Billi fikricha, galcha “luta” ya’ni loy degan ma’noni beradi. O‘sha hududning botqoqliklardan iboratligi Sezar o‘zining “Galliyaga yurishlar” asarida tasvirlab bergan. Parisii so‘zining qayerdan kelib chiqqanligi haqida esa aniq dalillar mavjud emas. Shunga qaramay, ayrim manbalar uning galcha “pario”, ya’ni qozon so‘zidan olinganini qayd etadi. “Qozondan chiqqanlar” ma’nosida deb taxmin qilinadi (Xavier Delamarre, Dictionnaire de la langue gauloise, éditions Errance, 2003, 246 p).
Tarixi. Antik davrdan hozirgacha
Parij atrofida odamlar neolit davridan boshlab yashay boshlagani haqida ayrim ma’lumotlar uchraydi. Bunda arxeologik qazishma natijasida topilgan buyumlar dalil sifatida keltiriladi. Ammo gallo-roman davriga bo‘lgan davr tarixi haqida aniq dalillar juda kam. Yagona tasdiqlangan ma’lumot bu eramizdan avvalgi 52-yilda Parisii xalqining o‘sha hududda yashaganidir. Aynan shu davrda Galliya Yuliy Sezar tomonidan egallanadi. Dastlabki xalqlar yashagan hudud esa Sena daryosidagi Ile de la Cité orolchasi bo‘lib hisoblanadi. Demak, Parij shahri ham ko‘plab shaharlar singari daryo bo‘yida shakllangan. Bugun ham daryo shaharning ajralmas qismi hisoblanadi.Lutecia IV-V asrlardagi hunlarning Rimga yurishlari paytida imperatorlar uchun yaxshigina boshpana vazifasini o‘tagani manbalarda qayd etilgan. Hatto, Attila 451-yilda Parij ostonlarigacha kelib jangsiz qaytib ketgan (Alfred Fierro, Histoire et dictionnaire de Paris, Paris, Éd. Robert Laffont, 1996, p 11-14). 508-yilda Galliyaning katta qismini egallagan Xlodvig Parij shahrini o‘z davlatining poytaxti sifatida tanlaydi. Shahar bir necha bor vikinglar tomonidan buzib tashlanadi va har safar Ile de la Cité orolchasida qaytadan bo‘y ko‘taradi.
Kapetinglar (987–1792yy ; 1814–1830) sulolasining ilk davrida Parij poytaxt bo‘lmasa-da, muhim qarorgoh vazifasini o‘taydi. Kapetinglarning yettinchi qiroli Filip II Avgust (1180–1223) zamonida Parij qirollikning yagona poyatxtiga aylanadi. Kapeitnglar sulolasi zamonida Parij mamlakatning iqtisodiy va ilm-fan markaziga aylanadi. Senaning chap qirg‘og‘ida qad rostlagan shahar keyinchalik o‘ng qirg‘oq bo‘ylab kengayib bordi.
Shahar g‘arbiy Yevropaning eng mashhur diniy markazlaridan biriga ham aylandi. Jumladan, 1250-yilga kelib Notre Dame de Paris ibodatxonasi qurilib bitkazildi. Shahar qirol hukumatining ramziga aylandi. Shahar ikki qirg‘oq bo‘ylab tosh devor bilan o‘raldi. Bir paytlar bo‘shab qolgan chap qirg‘oq yana aholi bilan gavjum bo‘la boshladi. XIV asr boshiga kelib shahar aholisi 200 000 kishiga yetdi va bu unga Yevropaning eng aholisi ko‘p shahar maqomini taqdim qildi.
XIV asrdagi Yevropani qamrab olgan qora o‘lat Parijga ham yetib keldi. Yuz yillik urush davrida inglizlarning tinimsiz hujumlariga bardosh berishga majbur bo‘ldi. Shu munosabat bilan qirol Karl V shahar atrofini ikkinchi devor bilan o‘rashga majbur bo‘ldi. Iqtisodiy qiyinchiklar sabab noroziliklar kelib chiqdi va qirolga qarshi isyonlar bo‘la boshladi. Tinimsiz davom etgan to‘ntarishlar natijasida Parij 1420-yilda inglizlar tomonidan egallandi. 1436-yilga kelib Karl VII uni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo o‘z qarorgohini Luara daryosi bo‘yiga ko‘chirishga qaror qildi. Yuz yillik urushdan chiqqan Parij devorlar ichidagina mavjudlikni saqlab qoldi va aholi soni yuz ming kishiga kamayib ketdi.
1528-yilda qirol Fransua I o‘z qarorgohini yana Parijga qaytardi. Uning hukmronligi davrida shahar yana gullab yashnay boshladi. Universitetlarda ilohiyotga qo‘shimcha ravishda zamonaviy fanlar ham o‘qitila boshlandi. Gumanitar va aniq fanlar qirol istagiga binoan dasturlarga kiritildi. Parij uning hukmronligi davrida xristian dunyosining eng yirik shahriga aylandi va aholisi 280 ming kishiga yetdi.
Parij o‘z hayoti davomida bir necha bor mudhish voqealarni ham boshidan o‘tkazdi. Shulardan 1572-yil 24-avgust kuni o‘tkazilgan “Avliyo Varfolomey qirg‘ini”, 1588-yil 12-maydagi “Barrikadalar kuni” kabilarni sanab o‘tish mumkin. Bu to‘polonlar diniy urushlar davrida sodir bo‘ldi. Birgina Varfolomey qirg‘ini davomida 2 mingdan 10 minggacha odam o‘ldirilgan. Ammo Parij aholisi o‘lim soni yuqoriligiga qaramasdan provinsiyalardan ko‘chib kelish hisobiga 400 ming kishiga yetdi.
Fransiyaning Quyosh Qiroli Lui XIV o‘z qarorgohini Versal shahriga ko‘chirdi va Parijga hukmronligi davrida bor yo‘g‘i 24 marta rasmiy marosimlar paytidagina tashrif buyurdi. Parijni boshqarishni uning moliya ishlari vaziri Kolbert o‘z zimmasiga oldi.
XVIII asrda Parij intellektual gullash darajasiga chiqdi. U Fransiya tarixida Lyumiyerlar – ziyolilar davri deb nom olgan oqim g‘oyalariga beshik vazifasini o‘tadi. Shu asrda Parij iqtisodiy jihatdan ham o‘sishga erishdi va aholi soni 640 ming kishiga o‘sdi. 1754-yilga kelib Parij shahri homiysi Avliyo Jeneviyeva sharafiga Panteon ibodatxonasi qurildi.
Versalda boshlangan 1789-yilgi inqilob Parijda keng yoyildi. 14-iyul kuni inqilobchilar Bastiliya qamoqxonasini egallab oldi va bu kun Fransiya tarixida milliy bayram kuni sifatida qoldi. Ammo ushbu inqilob Parij hayoti uchun ijobiy holat bo‘lmadi. Aholi soni 1800-yilga kelib 580 ming kishi bilan cheklanib qoldi. 1806-yilga kelibgina bu yo‘qotishlar o‘rni qoplandi. Shunda ham tug‘ilish pastligicha qoldi, aholi esa provinsiyalardan ko‘chib kelish evaziga o‘sdi.
1799-yilda inqilob oqibatida hukumatni qo‘lga olgan Napoleon 1804-yilning 2-dekabr kuni Parijning Notrdam de Parij ibodatxonasida Rim papasi qo‘lidan imperator tojini kiydi va Parijni imperiya poytatxti deb e’lon qildi. Uning maqsadi Parijni “yangi Rim”ga aylantirish edi (François Billaut, “Architecture : une ambition inachevée”, Point de Vue Histoire, no 10 “Napoléon Ier : l'apogée de l'Empire”, décembre 2011, p 20). Shu maqsadda u bir qator qurilish ishlarini boshlashga buyruq beradi. Yulduzlar maydonidagi “G‘alaba arki”, Karyusel, Bursa saroyi hamda Vandom ustuni shular jumlasidandir. Shuningdek, Rim qiroli saroyini ham qurdirishiga buyruq beradi. Ammo faqatgina Trokadero bog‘i va Iyena ko‘prigigina qurib bitkaziladi. 1814-yilgi Parij qamali paytida Napoleon taxtdan voz kechishga majbur bo‘ladi.
1814-yilgi rus okkupatsiyasi davrida Parijda “bistro” termini vujudga keladi va keyinchalik bu shu tipdagi restoranlar shakllanishiga olib keladi. Rus askarlari 1814-yil 3-iyun kuni shaharni tark etadi. XIX asr Parij hayoti haqidagi eng go‘zal tasvirlarni biz Onore de Balzak, Viktor Gyugo, Ejen Syu kabi adiblar asarlaridan o‘qib olishimiz mumkin bo‘ladi.
Ikkinchi imperiya davirga kelib, Napoleon III Parijda urbanizmga alohida e’tibor beradi va aytish mumkinki, Parijning bugungi qiyofasi shakllanishiga sababchi bo‘ladi. Ayniqsa, Hausman tomonidan amalga oshirilgan uy-joylar qurilishi shahar qiyofasini butunlat o‘zgartirib yuboradi.
1860-yildan boshlab shahar qo‘shni kommunalar hisobiga kengayishni boshlaydi. Maydoni 3 288 gektardan 7 802 gektarga kengayib, tumanlar soni 12 tadan 20 taga yetadi. 1870-yilgi Fransiya-Prussiya urushi paytida Parij bir necha oy prussiyaliklar tomonidan qamal qilinishiga qaramay, taslim bo‘lmaydi. Shu davrga kelib havo pochtasiga asos solinadi. 1871-yil 18-martda tashkil etilgan Parij kommunasining 28-mayga kelib tarqatib yuborilishi bilan Parij tarixidagi eng so‘nggi fuqarolar urushiga barham berildi.
XIX asr oxirlaridan Birinchi jahon urushigacha bo‘lgan davr Fransiya tarixida “Ajoyib davr” deb nom oladi va bu davrda Parij iqtisodiy jihatdan rivojlanishga yuz tutadi. 1913-yilda Parijda yuz ming korxonada bir million ishchi mehnat qilgan. 1900-yildan 1913-yilgacha Parijda 175 kinoteatr tashkil qilindi, bir nechta katta savdo majmualari qurildi va Parij dunyoning Londondan keyingi eng yirik tijorat markaziga aylandi.
Ikkita xalqaro universal ko‘rgazma Parij uchun juda ahamiyatli bo‘ldi. Jumladan, 28 million tashrifchini qabul qilgan 1889-yilgi ko‘rgazma chog‘ida keyinchalik shaharning ramziga va tashrif qog‘oziga aylangan Eyfel minorasi qurildi. 53 million tashrifchini qabul qilgan 1900-yilgi ko‘rgazma chog‘ida esa Parij metropolitenining birinchi liniyasi, Katta va Kichik saroylar hamda Aleksandr III ko‘prigi foydalanishga topshirildi.
Aynan shu davrlarda Parij madaniy sohada ham o‘z rivojlanishining cho‘qqisiga erishdi. Shahar Pikasso, Matis, Brak, Fernand Leje singari rassomlarni o‘z bag‘riga qabul qildi.
Birinchi jahon urushida Parij nemis artilleriyasi hujumiga uchragan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushida nemis fashistlari tomonidan egallab olindi va 4 yil davomida hukumat Vishi shahriga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. Bu davr Parij uchun nemis okkupatsiyasi davri bo‘ldi. Ikki jahon urushi oralig‘idagi davr esa butun dunyoda bo‘lgani singari Parijda ham ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yillari bo‘ldi.
Shahar ikkinchi jahon urushian keyin bir qator siyosiy voqeliklarga maydon bo‘ldi. 1961-yil 17-oktyabr kuni Jazoir mustaqilligi uchun norozilik namoyishlari kuch bilan bostirildi. 32 dan 325 kishiga odam politsiya tomonidan qirib yuborildi. 1968-yil 22-mart kuni Nanter shahrida talabalar namoyishlari boshlandi va Parijning lotin kvartaliga ham yetib keldi. Tartibsizliklar ikki oy davom etdi va saylovlardaa ko‘pchilik general de Golni qo‘llab quvvatladi va tartibsizliklarga barham berildi.
Jorj Pompidu davrida uning nomi bilan ataladigan zamonaviy san’at muzeyi va kutubxona qurildi. 1991-yilda UNESCO Sena daryosi qirg‘oqlarini, Sulli ko‘prigidan, Iyena ko‘prigigacha bo‘lgan hududni Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritdi.
2015-yildan Fransiyada bir qator terroristik harakatlar amalga oshirildi. Jumladan, Parij shahrida 2015-yilning yanvar oyida Charli Hebdo karikatura jurnali xodimlariga nisbatan qurolli hujum uyushtirildi. 11-yanvar kuni ushbu voqealarga javoban Parijda 3 million kishini, jumladan 50 ta davlat rahbarini birlashtirgan namoyish bo‘lib o‘tdi. Shu yilning 13-noyabr kuni tunida ham Parijning bir nechta joyida terroristik hujum harakatlari amalga oshirildi. Ushbu harakatlar natijasida 130 ga yaqin odam halok bo‘ldi va yuzlab insonlar jarohatlandi.
2017–1018-yillarda ham ikki bor terroristik harakatga nishon bo‘lgan Parij, 2019-yilning 15-aprel kuni katta yong‘inni boshidan kechirdi. Shu kuni ming yillik tarixga ega Fransiya katoliklarining ramzi Notre Dame de Paris ibodatxonasida yong‘in chiqdi va uning yog‘ochdan ishlangan minorasi qulab tushdi.
Pairjning ko‘zga ko‘ringan obidalari
Parij dunyodagi eng mashhur turizm yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shaharning turizm salohiyati dunyoda tengi yo‘qlaridan biri hisoblanadi. Shaharda 1 800 dan ortiq ro‘yxatga olingan tarixiy ahamiyatga ega inshootlar mavjud bo‘lib, ulardan 200 dan ortig‘ini diniy imoratlar tashkil qiladi. Parijning eng mashhur tarixiy inshootlari turli davrlarga oid bo‘lib, asosan markazda va Sena daryosi qirg‘oqlarida joylashgan. Ushbu imoratlar UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ular orasida Notre Dame de Paris ibodatxonasi, Luvr muzey-saroyi, Hôtel des Invalides monumenti, Aleksandr III ko‘prigi, Katta saroy, Ke Branli – Jak Shirak muzeyi, Eyfel minorasi, Trokadero maydoni kabilar bor.Site orolida joylashgan Notre dam de Parij ibodatxonasi XII-XIII asrlarda qurilgan bo‘lib, Parijning yuragi hisoblanadi va barcha masofalar uning maydonidan boshlab hisoblanadi. U gotik usulda qurilgan inshoot bo‘lib, bir XIX asrda bir necha bor qayta ta’mirlangan. G‘arbiy fasadi esa XX asr oxirida tozalangan.
Klassik usulda qurilgan binolar Parij markazida ham mavjud bo‘lib, ularning eng qadimgilaridan biri Lotin kvartalida qad ko‘targan Sorbonna universitetidir. Sena qirg‘og‘ida yana bir muhim obyekt, dunyoning eng yirik va eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeyi Luvr joylashgan. XIV asrdan XVII asrgacha fransuz qirollarining qarorgohi vazifasini o‘tagan saroy XVIII asrda muzeyga aylantirilgan. 2019-yilda muzeyga 10 millionga yaqin tomoshabin tashrif buyurgan.
Sena daryosi qirg‘og‘ida 1889-yilgi Xalqaro ko‘rgazma uchun arxitektor Gustav Eyfel loyihasi asosida qurilgan Eyfel minorasi, shubhasiz, shaharning tashrif qog‘oziga aylandi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Minora 320 metr balandlikka ega bo‘lib, to‘lig‘icha metal konstruksiya asosida qurilgan. Minora tashrifchilar soni bo‘yicha Luvr muzeyidan keyingi o‘rinda turadi.
Parijining shiori
Parij shahri o‘zining gerbi, bayrog‘i, logotipi va shioriga ega. Parij shahrining shiori lotin tilidan olingan “Flutuat nec mergitur” ya’ni, “Chayqaladi, lekin cho‘kmaydi” iborasida ifodalangan.Bayrog‘i esa ikki xil vertikal tushirilgan ko‘k va qizil rangda berilgan bo‘lib, markazida shahar gerbi, gerbda esa Parijni ifodalaydigan kema, yuqorisida shahar devorlari toj shaklida kiydirilgan. Ikki tomonida o‘simlik barglari o‘rab turibdi. Gerbda, shuningdek, shahar shiorini ham ko‘rish mumkin.
Shaharning homiysi sifatida V asrda yashagan Avliyo Jenevyeva hisoblanadi. Afsonalarga ko‘ra, u o‘zining duosi bilan Attila boshliq Hunlarni shahardan qaytarib yuborgan deb ishoniladi.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)