Hindistonning Gvalior shahri ma’muriyati karantin qoidalarini buzgan shahar aholisini koronavirusga qarshi kurashga jalb qilishni boshladi. Bu haqda Newindianexpress nashri xabar qilgan.
Sanitar-epidemiologik talablarni bajarmagan, niqob taqmagan shahar aholisi COVID-19 bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan shifoxonalar va politsiya blokpostlarida ishlashga jalb qilinmoqda. Karantinni buzganlar kamida uch kun davomida koronavirusga qarshi kurash frontida mehnat qiladi. Shuningdek, ushbu qoidabuzarlik uchun jarimaga ham tortiladi.
Mazkur jazo chorasi Madxya-Pradesh shtatida joriy qilingan koronavirusga qarshi chora-tadbirlar doirasida qo‘llanilmoqda. Shtat hukumatining qayd etishicha jazolanganlar xonadonlarni aylanib chiqib, infeksiya alomatlari bo‘lgan aholini tekshiradi.
Hindistonda COVID-19’ga qarshi kurash bo‘yicha milliy chora-tadbirlarga ko‘ra jamoat joylarida va ish joyida tibbiy niqob taqish majburiy hisoblanadi. AQShning Jons Hopkins universiteti taqdim etib kelayotgan statistikaga ko‘ra, Hindiston butun dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha 3-o‘rinda bormoqda.
Avval hindistonlik erkak koronavirusdan himoyalanish uchun o‘ziga 4 ming dollarga tilla niqob yasattirgani, Hindistonda kuyov o‘z to‘yida mehmonlarga koronavirus yuqtirib vafot etgani, Hindistonda yuzning yopiq qismi surati tushirilgan niqoblar ishlab chiqarila boshlagani haqida xabarlar berilgan.
Izoh (0)