“Za pravdu” (“Haqiqat uchun”) partiyasi yetakchisi, yozuvchi Zaxar Prilepin o‘zining saylovoldi dasturini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Meduza.
Unda, jumladan, Rossiya konstitutsiyasiga fuqarolarning 75 foizi Rossiyaga qo‘shilish uchun ovoz beradigan har qanday hududga kirishga imkon beradigan normani kiritish taklif etildi.
“Ushbu qoida nafaqat sobiq Rossiya imperiyasi yoki SSSR fuqarolari va yerlariga, balki fuqarolari biz bilan bir butun davlatda yashashga tayyor bo‘lgan barcha mamlakatlarga nisbatan tatbiq etilishi lozim”, — deyiladi hujjatda.
Shu munosabat bilan partiya Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari va Moldovadagi Pridnestrovye respublikasini darhol tan olish va referendum natijalariga ko‘ra ularni Rossiya tarkibiga qo‘shish tarafdori ekanligini bildirdi.
Bundan tashqari, “Za pravdu” Abxaziya va Janubiy Osetiyaning ham Rossiya tarkibiy tuzilmasi sifatida qo‘shilishi uchun referendum o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.
Izoh (0)