Bishkek meri Aziz Surakmatov qirg‘izistonlik tadbirkorlarga murojaat qilib, poytaxtda ochilayotgan kasalxonalar uchun kislorod konsentratorlari va sun‘iy nafas oldirish apparatlarini xarid qilishda yordam so‘radi, deb xabar beradi “24.kg”.
Surakmatovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston poytaxtida pnevmoniya bilan kasallanish holati avj olgani sabab vaziyat murakkab tus olgan. Bishkekdagi kasalxonalar bemorlarga to‘lib ketgan, yangi kasallar uchun joy yetmayapti. Meriya bir kechada kunduzgi statsionarlarni tiklagan — to‘rt tumanning har birida bittadan. Bu yerda kasallikning o‘rta va yengil shakli bilan og‘rigan bemorlar qabul qilinadi.
“Men kichik va o‘rta biznes vakillariga, metsenat va biznesmenlarga murojaat qilaman, iltimos, bizga insonlar hayotini saqlab qolishda kerak bo‘ladigan qurilmalarni sotib olishga yordam bering”, — deydi Bishkek meri.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 7691 kishiga yetgan, ularning 92 nafari virus qurboniga aylangan. Hozirga qadar 2843 nafar bemor davolangan.
Avvalroq O‘zbekiston Qirg‘izistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi, bu hisob bo‘yicha mamlakat tomonidan Qirg‘izistonga yuborilgan uchinchi insonparvarlik yordami hisoblanadi.
Izoh (0)