O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida 17-iyun, chorshanba kuni Yaponiya hukumatining beg‘araz yordam dasturi doirasida yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish loyihasi bo‘yicha hujjatlar to‘plamini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, hujjatlar to‘plamini sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Fujiyama Yoshinori imzoladi.
Grantning umumiy miqdori 500 million iyena (taxminan, 4,5 million dollar)ni tashkil qiladi. Ushbu mablag‘ga ultratovush apparati, raqamli rentgen apparati, kompyuter tomografi, mammograf kabi zamonaviy texnologiyalardan iborat innovatsion ko‘chma diagnostika stansiyasi (konteyner) yetkazib beriladi. Shuningdek, PSR laboratoriyasi, ultratovush apparati, raqamli rentgen apparati, mammografdan iborat yuzlab kasalliklarga qisqa fursat ichida aniq tashxis qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lgan ko‘chma laboratoriya (konteyner), yuqumli kasalliklar shifoxonalari uchun uchta kompyuter tomografi yetkazib beriladi.
Qayd etilishicha, loyihaning maqsadi COVID-19 pandemiyasi davrida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlashdan iborat. Ta’kidlanishicha, ko‘plab yuqori texnologiyali uskunalarni o‘zida jam qilgan ushbu mobil poliklinikalarni mamlakatning istalgan hududiga yetkazish mumkin bo‘ladi. “Ayniqsa, yuqumli kasalliklar o‘chog‘i paydo bo‘lgan taqdirda zamonaviy diagnostika va laboratoriya jihozlarining to‘liq to‘plamidan iborat konteyner mahalliy aholiga tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga doir:Yaponiya koronavirus oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekistonga 1,9 mln dollar ajratadi
Izoh (0)