Oyoqlarning tez-tez sovuq qotishi nafaqat jismonan noqulaylik, balki yurak-qon tomir tizimidagi muammolarni ko‘rsatadigan muhim belgi hisoblanadi. Bu haqda kardiolog Anush Avetisyan ma’lum qildi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, oyoq-qo‘llarning doimiy muzlashi asosan qon aylanish tizimining buzilishi bilan bog‘liq. Bunday holatda qon to‘qimalarga yetarlicha yetib bormaydi, natijada havo harorati iliq bo‘lsa ham, oyoqlar muzlaydi.
“Yurak bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan shaxslarda oyoqlarning sovishi odatda qon tomirlar faoliyatining buzilishi va qon oqimining sustlashuvi bilan kechadi. Masalan, aterosklerozda (qon tomirlari devorlarida xolesterin quyqalari to‘planadigan xastalik) qon mayda arteriyalarga yetarlicha yetib bormaydi, bu esa oyoqlar muzlashi, uvishishi va hatto yengil jismoniy faollik (masalan, yurish) paytida ham og‘rishiga olib keladi”, deydi kardiolog.
Oyoqlarning muntazam sovuq qotishi surunkali yurak yetishmovchiligining belgisi bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatda yurak qon aylanishini yetarli darajada ta’minlay olmaydi, natijada oyoqlarda shish paydo bo‘ladi.

Qo‘l va oyoqlarning muzlashiga Reno kasalligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Bu xastalik asab tizimi faoliyatini buzadi, sovuq yoki stress ta’sirida mayda qon tomirlar spazmga uchraydi. Bunday holatlarda teri oqarib yoki ko‘karib ketadi va muzlay boshlaydi.
Yana bir sabab endarteriit (endarteritis obliterans) bo‘lishi mumkin. Bu qon tomirlarining, ayniqsa, oyoqlardagi mayda va o‘rta arteriyalarning surunkali yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallik bo‘lib, natijada qon tomirlari asta-sekin torayadi va hatto to‘liq yopilib qoladi. Bu esa to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishini buzadi va oyoqlarda sovuqlik, og‘riq, uvishish kabi simptomlarga olib keladi.
Varikoz ham oyoqlarning sovuq qotishi bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bu holat vena klapanlarining yaxshi ishlamasligi natijasida qonning to‘planib qolishi va teridagi boshqa o‘zgarishlar bilan kechadi.

Surunkali venoz yetishmovchiligi (SVY) esa yanada og‘ir holat bo‘lib, u oyoqlardagi venoz qon aylanishining uzoq muddatli buzilishi hisoblanadi. Bunda shish, og‘riq, teri o‘zgarishlari va hatto yaralar paydo bo‘ladi. Bu holat oyoqlardagi vena klapanlari yetarlicha ishlamaganda yuzaga keladi.
Shuningdek, oyoqlar muzlashi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda ham uchraydi. Bunda diabetik neyropatiya sababli mayda tomirlar zararlanadi va ularning sezuvchanligi pasayadi. Oyoqlarning sovishi uvishish yoki teri rangining o‘zgarishi bilan birga kechsa, bu jiddiy ogohlantirish belgisi hisoblanadi. Bunday paytda darhol shifokorga murojaat qilish zarur. Salomatlikni e’tiborsiz qoldirish infarkt yoki insult kabi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Izoh (0)