Samarqand viloyati hokimligi Sirdaryoning Sardoba tumanida yashovchi aholiga yordam berish maqsadida maxsus yordam guruhini yubordi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev.
Ta’kidlanishicha, Samarqand viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Meliyev boshchiligidagi qutqaruvchilar guruhi 33 ta palatka, 2 ta qayiq va boshqa zarur qutqaruv vositalarini olib, yo‘lga chiqqan.
Samarqand hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Sardoba tumani aholisi uchun zarur oziq-ovqat, dori-darmon va issiq kiyim-kechak ham yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Bunda, asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi.
Voqea joyiga dastlab bosh vazir Abdulla Aripov, so‘ngra davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev yetib borgani xabar berildi.
Izoh (0)