“Auto.ru” saytida 2001-yilda ishlab chiqarilgan 3111 indeksli “Volga” sotuvga qo‘yilgani haqida e’lon paydo bo‘ldi. Mazkur model 424 nusxada ishlab chiqarilgan bo‘lib, sotuvga qo‘yilgan nusxa o‘ta noyob hisoblanadi. Avtomobil saloni oq timsoh terisi bilan qoplangan, pol qismiga esa qo‘y terisi to‘shalgan. Mashina 4 million rublga (52 ming dollar) baholanmoqda, deb xabar beradi Motor.
“Volga” 136 ot kuchiga ega 2,5 litrli motor yordamida harakatga keladi. U besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi orqali boshqariladi. Mazkur “Volga”ni qayta ishlashga Smirnov konstruktorlik byurosi mas’ul bo‘lgan: unda “GAZ-21”ning xromlangan hashamat davri mujassamlashtirilgan va premium sinfiga oid zamonaviy avtomobillardagi kabi qimmatbaho materiallardan foydalanilgan. Konsepsiya “Timsoh ovchisi” nomini olgan.
Oq timsoh terisidan tashqari kedr yog‘ochidan foydalanilgan, salondagi qurilmalar yoqut rangida tovlanadi, kapotga esa “Volga”ning klassik atributi — xromlangan bug‘u o‘rnatilgan. Shuningdek, mashinaga Brembo tormozlari va 18 dyuymli diskalar o‘rnatilgan.
“GAZ-3111” 1999-yildan 2004-yilga qadar ishlab chiqarilgan, ahamiyatli jihati, mashinalar qo‘lda yig‘ilgan. Ushbu davr mobaynida 400 dan ortiq avtomobil yig‘ilgan bo‘lib, bozorda juda katta mashhurlikka erishgan.
Izoh (0)