Parijda ko‘chalarni yuvishda foydalaniladigan texnik suv quvurlarida koronavirus infeksiyasi izlari topildi. Bu haqda 19-aprel, yakshanba kuni, Le Monde nashri xabar bergan.
Qayd etilishicha, Parij suv ta’minoti tashkilotining Eaude Paris laboratoriyasi 27 namunadan 4 tasida SARS-CoV-2’ning kichik izlarini topgan. Shu sababli ehtiyot chorasi sifatida ushbu quvurlardagi suvdan foydalanish darhol to‘xtatilgan.
“Izlar arzimas miqdorda bo‘lsa ham, bari bir iz. Shu sababli mutaxassislar uning qanchalik xatarli ekanligiga baho berishlari uchun ehtiyotkorlik yuzasidan Hududiy sog‘liqni saqlash agentligiga murojaat qilishga qaror qildik”, — degan Parij merining o‘rinbosari Selio Bloel.
Shu bilan birga, uning ichimlik suvi quvurlariga tushishi xavfi yo‘qligi, undan qo‘rqmasdan bemalol foydalanishda davom etish mumkinligini ta’kidlagan.
Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Fransiyada koronavirusga chalinganlar soni 154 mingdan, vafot etganlar soni esa 19,7 mingdan oshgan. Mamlakat kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (760 mingdan ortiq), Ispaniya (200 mingdan ortiq) va Italiyadan (178 mingdan ortiq) so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Izoh (0)