Belarus futbol federatsiyasi rahbari Vladimir Bazanov mamlakatda futbol birinchiligi nima uchun to‘xtatilmayotganini ma’lum qildi.
“Faqulodda holat yo‘q, shu sabab chempionatni davom ettiryapmiz. Ikkinchi turda 500 litr antiseptik sotib oldik va stadionlarda tarqatdik.
Eng muhimi odamlarda tushuncha bo‘lishi kerak. Qo‘llarni yuvish, antiseptik vositalardan muntazam foydalanish darkor va kasal holatda stadionga bormaslik kerak.
Bizga hech kim bosim o‘tkazmayapti, na UEFA, na FIFA. O‘zimiz qaror chiqaryapmiz. Chempionatni oxirigacha davom ettiramiz demoqchi emasman. Agar qandaydir favqulodda vaziyat bo‘lib qolsa, unda musobaqani to‘xtatamiz”, — deydi Bazanov.
Ayni damda Belarus chempionatidan boshqa Yevropaning barcha ligalari koronavirus tufayli to‘xtab qolgan.
Belarus Oliy Ligasida ikkita tur bahslari bo‘lib o‘tadi. Musobaqa jadvalida yetakchilik qilayotgan “Energetik-BGU” safida ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchi — Jasur Yaxshiboyev va Shahboz Umarov to‘p suradi.
1-aprel holatiga Belarusda koronavirusga chalinganlar soni 163 kishini tashkil qilmoqda. Ikki kishi virus oqibatida vafot etgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)