Qirg‘izistonning Bishkek shahrida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizlik oqibatida 18 nafar militsiya xodimi jarohat oldi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
2-mart kuni sobiq deputat Sadir Japarovning 800 ga yaqin tarafdori Bishkekdagi Ala-Too maydonida to‘planib, hukumatdan garovga olganligi uchun 11 yilga qamalgan Japarovning zudlik bilan ozod etilishini talab qilgan. Prezident matbuot xizmati hukumat norozilik namoyishchilarining talabini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan. Biroq namoyishchilar maydondan tarqalishni istamagach, huquq-tartibot organlari xodimlari ularni quvishga tushgan. Militsiya ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan. Namoyishchilar esa ularga qarata tosh uloqtirgan.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi tartibsizlikka namoyish tashkilotchilari javobgar ekanligini ta’kidlamoqda.
“Bishkekdagi Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot institutiga jami 18 nafar huquq-tartibot organi xodimi murojaat qilgan”, — deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston sudi Japarovni 2013-yilning 7-noyabr kuni Issiqko‘l viloyatida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishida odamlarni garovga olganlikda ayblab, 11 yilga ozodlikdan mahrum etgandi. O‘sha vaqtda u viloyat gubernatori Emilbek Kaptagayev va bir necha asirni mashinada garovda ushlab turgandi.
Izoh (0)