Checheniston rahbari Ramzan Qodirov AQSh prezidenti Donald Trampning arab-isroil mojarosini tartibga solish to‘g‘risidagi rejasini butun musulmon olamiga qarshi jinoyat deb atadi. Bu haqda Ramzan Qodirov o‘zining “VKontakte”dagi sahifasiga yozib qoldirgan.
Qodirovning aytishicha, u Falastin prezidentining maslahatchisi, oliy sudya Mahmud Al-Xabash bilan uchrashgan. Checheniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ular musulmon mamlakatlaridagi mojarolar G‘arb davlatlarining ishtiroki sabab yuzaga kelayotgani to‘g‘risidagi hamfikr bo‘lgan.
“Uchrashuv davomida men xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzayotgan va butun musulmon olamiga qarshi jinoyat hisoblanuvchi ‘asr bitimi’ deb atalayotgan kelishuvni qoraladim”, — deydi Ramzan Qodirov.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi musulmon mamlakatlarida xalq va rahbarlar o‘rtasida o‘zaro birlik yo‘qligi Yaqin Sharqdagi inqirozning avj olishiga yaxshi zamin yaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp yanvar oyining oxirida Falastin—Isroil mojarosini barqarorlashtirish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etgan edi. Trampning rejasiga ko‘ra, falastinliklar Isroilni yahudiylar davlati deya tan olishi kerak. Isroil esa Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi yirik qishloqlarni saqlab qoladi, biroq besh yil ichida yangi qishloqlar qurmaslik majburiyatini zimmasiga oladi. Falastin yetakchisi Mahmud Abbos Trampning taklifiga “Quddus sotilmaydi” deya javob qaytargan edi.